Angela Merkel: “Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsiz harakatlar va erishilmagan maqsadlardan kerakli xulosalar chiqarishimiz kerak”
Angela Merkel kansler sifatida so‘nggi bor Parijga tashrif buyurdi. Bu haqda ”Euronews“ xabar berdi.


16-sentabrda Merkel Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashgan. Unda Afg‘onistondagi inqiroz hamda Yevropaning strategik mustaqilligi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. So‘nggi masala, ayniqsa, AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya o‘rtasida tuzilgan yangi alyansdan keyin yana-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
"Afg‘onistonda NATO missiyasi yakunlanishi, bunday muvaffaqiyatsiz harakatlarimiz va erishilmagan maqsadlarimizdan kerakli saboq va xulosalar chiqarishimiz kerak", degan Germaniya kansleri.
Emmanuel Makron Yevropa avtonomiyasi masalasiga eʼtibor qaratgan. Shu bilan birga Afrika va Liviyadagi terrorizmga qarshi kurash, Eron mavzusi, Hind va Tinch okeani havzasidagi yadro quroli masalasi muhokama qilingan.
Germaniyada 10 kundan keyin parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Merkel kanslerlik vakolatidan voz kechmoqchi. U Germaniyani 2005 yildan buyon boshqarib keladi.
Merkel bundan avval Polshaga qilgan tashrifida Belarusni migratsiya masalasini keskinlashtirishda ayblagan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







