Harbiylar xavfli hujumga uchragan fuqaroni o‘lim changalidan olib qoldi
Bir guruh harbiy xizmatchilar o‘tkir tig‘dan jarohatlangan fuqaroning hayotini saqlab qolgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda aytilishicha, joriy yil 1-oktabr kuni soat 16:50 atrofida Mudofaa vazirligining Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, ikki nafar fuqaro o‘zaro janjallashayotganiga guvoh bo‘ladi. Voqea Toshkent—Sijjak yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining yoqasida sodir bo‘lgan.
Harbiy xizmatchilar zudlik bilan mashinani to‘xtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qo‘lida o‘tkir tig‘li pichoq borligini ko‘radi. Harbiylar zudlik bilan ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qo‘lga oladi va jarohatlangan fuqaroni Chorbog‘ tez tibbiy yordam bo‘limiga, ikkinchisini esa ichki ishlar bo‘limiga olib boradi.
Dastlabki so‘rov natijasida ochiqlanishicha, 1989-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.P. o‘ziga tegishli avtoulov bilan Toshkent shahrida tug‘ilgan S.M. ism-sharifli 26 yoshli fuqaroni yo‘lovchi sifatida 200 ming so‘mga Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan “Bochka” nomli manzilga olib borib qo‘yishga rozi bo‘ladi.
Manzilga yaqinlashib qolganda fuqaro S.M. A.P. dan Toshkent—Sijjak yo‘lining xilvat joyida mashinani to‘xtatishni va shu yerga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytadi. Oradan maʼlum vaqt o‘tgach, o‘zaro suhbatlashib o‘tirganlar o‘rtasida janjal kelib chiqadi. Yaʼni mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan fuqaro S.M. A.P. ga to‘satdan pichoq bilan hujum qiladi. Hujum natijasida haydovchi A.P. gavdasining orqa qismi va bel sohasidan tan jarohati oladi. O‘zini himoya qilish va jonini qutqarish maqsadida haydovchi mashinadan tushib qochayotgan vaqtda harbiy xizmatchilar ularni ko‘rib qoladi va A.P. ning hayotini saqlab qoladi.
Holat yuzasidan ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Qamashida dahshatli qotillik yuz bergani, Samarqandda yer talashgan yigit pichoqlangani hamda Sirdaryoda 17 yoshli bola tengdoshini pichoqlab qo‘ygani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







