1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Qamashida dahshatli qotillik: 17 yoshli qiz qo‘shni yigitni 29 marotaba pichoqlagan

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida o‘tgan yilning 9 dekabr kuni mudhish qotillik yuz bergan. Unda 23 yoshli yigit J.X. 29 marotaba pichoqlanishi oqibatida vafot etgan. Bu fuqaroning o‘limida 17 yoshli qiz gumon qilinmoqda.

Qamashida dahshatli qotillik: 17 yoshli qiz qo‘shni yigitni 29 marotaba pichoqlagan

 

 

Biroq qotillikda qizning aloqasi yo‘qligi, asosiy aybdor yashirilayotgani aytilmoqda. Bu borada marhum yigitning yaqinlari endigina 17 yoshni qarshilagan qiz 29 marotaba pichoq sanchishga qodir emasligini, vafot etgan yigit esa qizning nomusiga tegishga harakat qilmaganini taʼkidlamoqda.

 

Qamashi tuman prokuraturasi tergovchisi J.Vahobov holatni o‘rganib, voqeaga quyidagicha izoh bergan:

 

“Marhum qo‘shnisinikiga onasi telefonda so‘rayotganini aytib kirgan. Telefonini qizga berib, o‘zi darvozani qulflab, qizning orqasidan borib ikki qo‘li bilan orqa bel qismidan quchoqlab, yerga sekin yotqizib olib, dastlab egnidagi to‘n va kamzulini, keyin qizning nimchasini yechib nomusiga tegmoqchi bo‘lgan. Shunda qo‘rqib ketgan qiz qutulish maqsadida uyga qochgan. Marhum uning ortidan kelayotganini ko‘rib, qo‘liga pichoqni olib, kuchli hayajonlanish holatida J.Xudoyberdiyevni ko‘krak, qorin va tananing turli sohalariga sanchgan. Marhum voqea joyida vafot etgan”.

 

Biroq Qashqadaryo viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘linmasi bergan ekspertiza xulosasi tergovchini ayblov xulosasining ayrim joylariga shubhalanishga majbur etadi. Avvalo, gumonlanuvchi qizda shuncha janjaldan keyin hech qanday tan jarohati aniqlanmagan.

 

Jinoyat sodir bo‘lgan “Qo‘ng‘irot” MFY raisi Xurshid Hasanov ushbu  oilalarning o‘zaro adovati bo‘lmaganini maʼlum qilgan.

 

Voqea haqida 9 dekabr kuni soat 15-16 lar orasida profilaktika inspektori “pichoqlashish bo‘libdi”, deya xabar berdi. Birgalikda voqea sodir bo‘lgan xonadonga bordik. IIB xodimlari ichkariga kirdi, men kirmadim. Bola o‘lib yotgan ekan. Avvaliga o‘lganini bilmadim. Chunki eshikdan kirgan joydagi qonni ko‘rib, qo‘rqib tashqariga chiqib ketdim. IIB tezkor guruhi tasvirga olganda 3-4 joyda qon dog‘larini ko‘rdim. Lekin devorlar yoki boshqa joylarda ko‘rmadim”, — deydi u.

 

Marhumning uyi jinoyat sodir etilgan xonadonga qo‘shni. Bir-biriga qarama-qarshi joylashgan. Shuning uchun ham o‘sha kuni kelgan-ketganlarni ko‘rib turishgan. Jurnalistning nega borib nima bo‘lganini so‘ramagansiz degan savoliga, marhumning onasi Maysara G‘oyibnazarova qo‘shnilarining mahalladagilar bilan munosabatlari yaxshi emasligi, o‘zlari biroz iliq munosabatda bo‘lgani, voqea sodir bo‘lganida yaqinlari kelganligi uchun aralashmaganini aytgan.

 

Hodisani o‘rgangan jurnalist jinoyat joyiga borganida gumonlanuvchi va uning oila aʼzolari uyning derazalari hamda do‘konning eshigini suvab, ko‘chib ketganini aniqlagan. Shuning uchun ulardan qo‘shimcha maʼlumot olish imkoni bo‘lmagan.

 

Marhumning onasi qotillik bo‘lgan kunni shunday eslaydi:

 

“2020 yil 9 dekabr kuni tush payti birga ovqatlandik. Soat kunduzgi 2 larda ko‘chaga chiqib ketdi. 5 dan o‘tib akam Rossiyadan eshitib, menga xabar berdi. Qiz bir marta qorniga pichoq tiqib olibdi, deb aytdi. Birdan ko‘chaga chiqdim. Chiqsam, tumonat odam yig‘ilgan, qo‘shnimizni darvozasi yopiq ekan. Do‘koni orqali uyiga kirdim. Kirsam Lobar, opasi Shoira va qizi R. uyda o‘tirgan ekan. Tinchlikmi, deb so‘radim. Yonida ikkita militsiya turibdi. “O‘g‘lingizga kislorod yetmay qoladi”, deb meni turtkilab, chiqarib qo‘ydi. Yana bir so‘rasam “osma qo‘yyapmiz”, dedi. Soat 7 dan o‘tguniga qadar eshikni yonida kutib o‘tirdim. Turmush o‘rtog‘im to‘shakda yotib qolgan. 7 dan o‘tib meni chaqirtirgan ekan. Uyga kirib chiqqunimcha tez yordam mashinasida olib ketib qolishibdi. O‘sha paytda bir militsiya kelib, o‘g‘limni joni avvaldan uzilganini, tayyorgarlik ko‘rishimizni aytdi. Hammamiz hang-mang bo‘lib qoldik”.  

 

Aniqlanishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 2021 yil 7 sentyabr kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Qamashi tuman sudida F.Qambarova raisligida sud o‘tkazilgan. Sud jinoyatni sodir etganini tan olgan 2003 yilda tug‘ilgan qiz R.T.ni Jinoyat kodeksining 98-moddasi bilan aybdor deb topgan. Sud ishida tergov xulosasi deyarli o‘zgartirishsiz qayd etilgan.

 

“Ushbu jinoiy ish bo‘yicha jabrlanuvchi tomonning advokatiman. Ushbu ishda o‘z tasdiqlarini topmagan holatlar mavjud. Shuning uchun 2-instansiya sudiga ariza kiritmoqchimiz”, — deydi advokat Moʻtabar Xolisova.

 

Aslida, 23 yil farzandini oq yuvib, oq taragan ota-ona kutilmaganda dilbandidan ayrilishining o‘z og‘ir, achinarli. Ayniqsa, o‘ta vahshiy qotillik qurboni bo‘lgani ularning yurak-bahrini tilka-pora qilgani tabiiy. Biroq endigina 17 bahorni qarshilagan qizining bunday qotillikka qo‘l urishi aqlga sig‘maydi. Birgina shu sabab uning kelajagi parokanda bo‘lishi mumkin.

 

Voqea qanday bo‘lgani, kim aybdorligi bizga qorong‘u. Biz faqatgina adolat qaror topishi tarafdorimiz, xolos.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda aka o‘gay ukalarini chopib tashlagani hamda Qibraydagi bir uydan besh kishining jasadi topilgani haqida xabar berilgandi.

 

 

 

Bahriniso Madumarova

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика