Qashqadaryodagi mebel korxonasida yong‘in yuz berdi, 3 kishi halok bo‘ldi
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar “Kat” MFY hududida joylashgan mebel korxonasida yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida uch kishi vafot etgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.


Maʼlum bo‘lishicha, joriy yil 1-oktabr kuni soat 09:10 da viloyat FVBga Qarshi shahar “Kat” MFY, Nasaf ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabarga asoslanib yong‘in bo‘layotgan joyga 5 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jo‘natilgan. Ular soat 09:13 da voqea joyiga yetib borgan. Soat 09:16 da yong‘in qurshab olingan va soat 09:26 da o‘chirilgan.
Taʼkidlanishicha, yong‘in oqibatida korxonaning taxminan 200 metr kvadrat maydoni ichidagi mahsulotlar yonib ketgan. Qutqaruvchilar tomonidan 800 metr kvadrat maydon va undagi mahsulotlar yong‘indan asrab qolingan.
Shuningdek, yong‘inda kuygan 3 nafar fuqaro qutqarilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyat filialiga yuborilgan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ular vafot etgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Avvalroq Andijondagi ikki qavatli savdo markazining yerto‘lasida yong‘in sodir bo‘lgandi. Shuningdek, Samarqand shahridagi xonadonlarning biri yonib ketgani, Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi xonadonning og‘ilxonasida yong‘in yuz bergani hamda Toshkent viloyati Angren shahridagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqqani haqida xabar berilgandi.







