Mualliflik huquqlarini buzgan Sanjay maʼmuriy javobgarlikka tortildi
Maʼlumki, joriy yilning 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasini yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq muallifga mualliflik huquqi va turdosh huquqlari buzilgan taqdirda, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilish huquqi berildi.


Xabaringiz bor, Sanjay taхallusi bilan ijod qilayotgan xonanda Djavberdiyev Sanjar shoir Usmon Azimning sheʼridan ruxsatsiz foydalanganligi sababli Maʼmuriy sud tomonidan javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilganligi haqida xabar berilgandi.
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining xabar berishicha, 2021-yilning 29-iyunda agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro S.Djavberdiyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Sherali Jo‘rayev qalamiga mansub “Gulbadan” hamda “Atirgulim atringni soch” nomli sheʼriy asarlardan huquq egasining ruxsatisiz, noqonuniy tarzda foydalanganligi bo‘yicha chora ko‘rish so‘ralgan.
Agentlik tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan.
Taʼkidlanishicha, agentlik tomonidan fuqaro S.Djavberdiyevga nisbatan holat yuzasidan Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilib, maʼmuriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqish uchun tegishli sudga yuborilgan.
Mazkur maʼmuriy ish materiallari 2021-yilning 20-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaro S.Djavberdiyevga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 (1)-moddasi birinchi qismi bilan jarima jazosi qo‘llanilgan.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 62-moddasiga muvofiq huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.
Endilikda mazkur o‘zgartirishni inobatga olgan holda huquq egasi o‘z mualliflik huquqlarini buzgan huquqbuzardan sud tartibida o‘zlariga yetkazilgan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon pulini to‘lashini talab qilishi mumkin.
Avvalroq shoirning advokatlari Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga ariza bergani haqida xabar berilgandi.







