Toshkentdagi dehqon bozorida isteʼmolga yaroqsiz tuzlama mahsulotlari aniqlandi
Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari aksariyat hollarda sanitar normalariga javob bermaydi. Maʼlumki, konservani noto‘g‘ri tayyorlash, saqlash baʼzi paytlarda esa o‘lim bilan yakunlanishiga olib keladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtimiz aholisini botulizmdan himoyalanish uchun uy sharoitida tayyorlangan konservalardan foydalanmaslikka va sanoatda ishlab chiqarilgan konservalardan foydalanishni bot-bot takrorlaydi.


Uchtepa tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va “Farhod” dehqon bozori maʼmuriyati bilan hamkorlikda botulizm va oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishning oldini olish maqsadida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Maʼlum qilinishicha, 4-oktabr kuni o‘tkazilgan tadbir davomida “Farhod” dehqon bozorida xonadonda tayyorlangan konservalangan tuzlama mahsulotlaridan 12 kilogrammi isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlanib, ulardan 10 kilogramm bodring tuzlamasi va 2 kilogramm konservalangan qalampir tuzlamasi yo‘q qilindi.

Qayd etilishicha, botulizm va oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlar bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish bo‘yicha “Farhod” dehqon bozoridagi sotuvchilar bilan targ‘ibot tadbiri ham tashkil etildi.
Maʼlumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra, botulizm og‘ir, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin bo‘lgan, ammo kam kuzatiluvchi kasallik hisoblanadi. Bu ovqatdan zaharlanish bo‘lib, odatda zararlangan taomdagi yuqori faollikdagi neyrotoksinlar oqibatida yuzaga keladi. Botulizm odamdan odamga yuqmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlangani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Avvalroq Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 25 nafar bola zaharlangani, Samarqandda yashovchi fuqaro xonadonida bo‘lib o‘tgan to‘yda qatnashchilarning 74 nafari ommaviy zaharlangani hamda Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlangani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.







