Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “prava”, “repititor” va “harbiy chaqiruv” xarajatlari uchun vaqtinchalik kompensatsiya olishi mumkin
“Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi.


Unga asosan, Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga endi avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qish uchun BHMning 4 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, harbiy xizmatni o‘tash badali, xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari bo‘yicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga ketadigan xarajatlar hamda mazkur tizim bo‘yicha milliy sertifikatlar olishda o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish uchun to‘lanadigan to‘lovlar ham qoplab beriladi.
Bundan tashqari xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Mazkur vaqtinchalik tartib va imkoniyatlar Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga tadbiq qilingan.
Bu turdagi ijtimoiy yordamdan foydalanish uchun arizachi doimiy yashash manzili yoki tarbiyalangan hududdagi sektor shtabiga borib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengtashi raisi nomiga yozma murojaat qilishi lozim.
Qanday hujjatlar taqdim qilinishi kerak?
Jumladan, “рrava” uchun:
Hujjatda arizachining shaxsiy identifikatsiya raqami, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kompensatsiya qilish so‘ralayotgan o‘qish xarajati miqdori ko‘rsatilishi shart.
Shuningdek, arziga quyidagilar ilova qilinadi:
- qaysi muassasada tarbiyalanganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma;
- avtomaktab va ariza beruvchi yosh o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi;
Harbiy xizmat badali uchun:
- ariza (unda shaxsiy indentifikatsiya raqami ko‘rsatilishi shart);
- qaysi muassasada tarbiyalanganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma;
- “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisob raqamiga badal o‘tkazish tartibi to‘g‘risida uch taraflama shartnoma (bunda mudofaa bo‘limi va fuqaro tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim);
Kasbga qayta tayyorlash kurslariga o‘qitish uchun:
Bunda ish beruvchi o‘z xodimini qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatining bir qismini kompensatsiya qilishni so‘rab Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmasiga yozma yoki elektron ravishda murojaat qiladi.
Arizada ish beruvchining nomi, kasbga qayta tayyorlanadigan xodimning F.I.O va uning shaxsiy indentifikatsiya raqami, taʼlim tashkiloti nomi, joylashgan joyi, kasb nomi, o‘qish muddati va xarajat miqdori yozilgan bo‘lishi lozim. Unga xodimning ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi.
Tayyorlov kurslari va milliy sertifikat to‘lovi uchun:
- O‘quv mashg‘ulotini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma nusxasi (pdf formatda);
- O‘quv markazi tomonidan imtihon topshirish xarajati to‘langan bo‘lsa, to‘lov topshiriqnomasi (pdf formatda);
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun arzia beruvchi javobgar hisoblanadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga quyidagilar amalga oshirilgandan so‘ng kompensatsiya to‘lab beriladi:
— kompensatsiya to‘lanayotgan vaqtda “Yoshlar daftari”da mavjud bo‘lsa;
— milliy serifikatning haqiqiyligi tasdiqlanganda;
— o‘qish va imtihon topshirish xarajatlari 2021 yil 1 noyabr sanasidan keyin to‘langanda;
— milliy setifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida kompensatsiya to‘lashni so‘rab murojaat qilganda.
Eslatma: arizachidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim qilishni so‘rash taqiqlanadi.
Bundan avval yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlangani, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ajratayotgan subsidiya kimlarga berilishi hamda Prezident yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir farmonga imzo chekkani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







