Qashqadaryoda mahalladoshini pichoqlagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — IIB
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida mahalladoshini pichoqlab, unga tan jarohati yetkazgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deya xabar bermoqda IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2021-yil 2-oktabr kuni Mirishkor tumani “Yangiqishloq” MFYda yashovchi fuqaro A.D. o‘zaro kelishmovchilik tufayli mahalladoshi U.O.ni “Pomuq” MFYga qarashli cho‘l hududida joylashgan chaylasiga chaqirgan.
Shu kuni soat 10:30 larda U.O. chaylaga kelgach A.D. bilan o‘zaro tortishib qolgan. Tortishuv davomida A.D. oshxona pichog‘i bilan raqibining chap ko‘krak, tomoq va bosh sohalariga tan jarohati yetkazgan. U.O. ham o‘sha atrofda turgan panshaxa bilan A.D.ga qarshilik ko‘rsatgani sababli A.D. voqea joyidan qochib yashiringan.
Shundan so‘ng, U.O. qo‘ng‘iroq qilib sinfdoshini yordamga chaqirgan va uning yordami bilan shifoxonaga borgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida U.O.ning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan A.D. Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan. Holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Maʼlum qilinishicha, 2021-yil 5-oktabr kuni Mirishkor tuman “Yangiqishloq” MFYda sodir etilgan mazkur jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda Mirishkor tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik M.Bo‘riyev hamda sektor ishchi guruhi hamda mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etgan.
Muhokamada bu jinoyatni yuzaga keltirgan shart-sharoit va omillar atroflicha tahlil etilgan. Kelgusida bu kabi holatlar yuz bermasligi uchun masʼul mutasaddilarga aniq vazifalar berilib, ular ogohlantirilgan.
Avvalroq Denovda o‘qituvchi o‘z qo‘shnisini do‘pposlagani, Norin tumanida fuqaro hamqishlog‘ini o‘roq bilan jarohatlagani, Jizzaxda uka o‘z akasini, qaynuka kelinoyisini pichoqlab o‘ldirgani hamda Andijonda ayol erini unitaz qopqog‘i bilan urib o‘ldirgani haqida xabar bergan edik.







