Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi o‘zgartirilishi mumkin
Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yoshga ko‘tarilmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida xabar berdi.

Davlat rahbarining 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida jinoiy javobgarlikka tortishning eng kam yoshini o‘n to‘rt yosh qilib belgilash taklif etilgan edi.
Deputatning aytishicha, hozirda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish kiritishga doir qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish kutilmoqda.
Bu tajriba dunyo amaliyotida ham mavjud. Jumladan, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya va MDH mamlakatlari jinoyat qonunchiligida jinoiy javobgarlikka tortishning eng kichik yoshi o‘n to‘rt etib belgilangan.
Mazkur o‘zgartishlar insonparvarlik yo‘lidagi yana bir qadamdir – deb taʼkidlaydi Rasul Kusherbayev.
Bundan avval fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilgani hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxs yetkazilgan zararni qoplab, jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







