O‘zbekistonning sobiq muftiysi “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatiga kiritildi
Marhum sobiq muftiy Usmonxon Alimov Iordaniya poytaxti O‘mondagi qirollik strategik tadqiqotlar islom markazi tomonidan eʼlon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Bu ro‘yxat 2009-yildan buyon amal qiladi, unga musulmon dunyosiga siyosiy, mafkuraviy, madaniy va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha taʼsir ko‘rsata olgan mashhur insonlar kiritiladi.
Qayd etilishicha, ro‘yxat tuzilganda unda top-50 musulmonning ismi keltirilgan. Shuningdek, 13 ta toifa bo‘yicha diniy yo‘nalishda 450 nafar musulmon nomi sanab o‘tilgan.
Ushbu toifalar orasida ilmiy, siyosiy, din ishlari boshqarmasi hamda voizlar bo‘lgan. Qolaversa, xayriyaga hissa qo‘shuvchilar, ijtimoiy muammolar, biznes, fan va texnologiya, sanʼat va madaniyat, va mashhurlarning nomlari kiritilgan.
Maʼlumot uchun: ro‘yxatning ilk besh pog‘onasida Qatar amiri Shayx Tamim ibn Hamad al-Tani, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz, Eronning oliy rahbari Sayid Ali Xomanayi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an va Iordaniya podshohi Abdulloh II nomi qayd etilgan.
Shu bilan birga, taniqli sportchilardan UFC amaldagi chempion Habib Nurmagomedov va “Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Bundan avval O‘zbekiston bosh muftiysi Moskvada davolanayotgani va uning vafoti munosabati bilan Chechiniston rahbari hamdardlik bildirgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







