Rossiyada migratsiya to‘g‘risidagi yangi qonun ishlab chiqilmoqda
Yangi qonunda barcha hujjatlar o‘rnini bosadigan yagona hujjatni joriy etish va chet el fuqarolarining Rossiya mehnat bozoriga kirishini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.


Xabarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi IIVning maʼlum qilishicha, migratsiya sohasida ishlab chiqilayotgan yangi qonun chet el fuqarolarining mamlakatga kirib kelishi, mamlakat hududida bo‘lishi va vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishini tartibga soladi.
Yangi qonun loyihasiga Rossiya Federatsiyasi IIVning Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari K.Adzinov izoh berib, migratsiya sohasidagi qoidalarni tubdan o‘zgartiradigan katta qonun yozilayotgani, bu chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi, mamlakat hududida bo‘lishi, ishlashi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarga taʼsir qilishi va hozirda amalda bo‘lgan qator hujjatlarni bekor qilishini aytgan.
Taʼkidlanishicha, Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishning ikkita asosiy turi bo‘ladi: vizali va vizasiz. Hozirda chet elliklar uchun rasmiylashtirilayotgan barcha hujjatlar o‘rnini bosadigan yagona hujjatni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urta doirasida mehnat migrantlariga tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiy vizalar olish qoidalarini aniqlashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, migratsiya to‘g‘risidagi yangi qonun 2024 yilda kuchga kirishi mumkin.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistonning 150 ming fuqarosiga mamlakatga kirishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlagani, xorijga ketayotgan mehnat migrantlariga qancha kompensatsiya to‘lanishi ochiqlangani hamda Rossiyada migratsiya to‘g‘risida yagona hujjat joriy etilgani haqida xabar berilgandi.







