Damashqda terakt: harbiylar kolonnasi “mina”ga uchradi
Damashq markazida terakt sodir etildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.


Maʼlum qilinishicha, shaharning Rais ko‘prigi yaqinida qo‘yilgan ikkita “mina” portlagan. Bundan asosiy nishon Suriya armiyasi askarlari mingan avtobus bo‘lgan. Portlash oqibatida 14 harbiy halok bo‘ldi. Shuningdek, uch kishi og‘ir yaralangani xabar qilinmoqda. Hozircha tinch aholi vakillari jabrlangani haqida maʼlumot yo‘q.
Baʼzi manbalarda taʼkidlanishicha, uchinchi bomba portlamay qolgan. Uni armiya saperlari zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Mahalliy ekspert Husam Shuayb terakt erta tongda sodir etilganini aytgan. Bu vaqtda ko‘cha gavjum bo‘lgan.
Bundan avval Suriya TIV Turkiyadan mamlakatni tark etishini talab qilgani, Qandahorda shia masjidi portlatilgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev







