Qashqadaryoda 2 ta yangi masjid ro‘yxatdan o‘tkazildi
Masjidlar Alloh taologa eng mahbub maskanlardir. Ular yer yuzidagi eng pokiza va toza makon hisoblanadi. Dunyoning katta shaharlari, hatto Yevropa mamlakatlarining poytaxtlarida ham masjidlar qurilgan bo‘lib, barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan yana ikkita yangi masjid ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyati Qamashi va Koson tumanlarida yangi masjidlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Jumladan, Qamashi tumani Qishliq qishlog‘ida “Qishliq” jome masjidi, Koson tumani “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi "Beshgumbaz" masjidi viloyat Adliya boshqarmasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Qayd etilishicha, har ikkala masjidga ularning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma topshirilgan.
Maʼlumot uchun, Qashqadaryo viloyatidagi masjidlar soni 184 taga, O‘zbekistondagi masjidlar soni esa 2096 taga yetgan.
Avvalroq O‘zbekiston Turkistonda 5000 o‘rinli yangi masjid qurayotgani, Buxorodagi masjid shiftidan noyob bitiklar va Qurʼonning 200 yil ilgari yozilgan qo‘lyozmasi topilgani hamda Namanganda masjid qurilishi paytida qo‘shni uy darvozaxonasining tom qismi qulab tushgani haqida xabar berilgandi.







