Qoshga qo‘yadigan o‘smadan qimmatbaho “Indigo” bo‘yog‘i olinadi
Sirdaryoda o‘sma o‘simligidan tabiiy buyoq olish bo‘yicha innovatsion texnologiya amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha muallifi — Guliston davlat universiteti tabiiy fanlar fakultetining kimyo yo‘nalishi uchinchi bosqich talabasi Yulduz Majidova hisoblanadi.

Loyihani amaliyotga tatbiq qilishda talabaga turmush o‘rtog‘i — shu oliy o‘quv yurtining kimyo kafedrasi doktoranti Sardor Majidov yaqindan ko‘mak beryapti.
Uning bildirishicha, o‘smadan ekstraksiya usulida ko‘k rangdagi “Indigo” buyog‘i olinadi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad — matolarni undan olingan tabiiy ranglar bilan bo‘yashdan iborat. Kelajakda loyiha doirasida ranglarning turlarini yana-da kengaytirish bo‘yicha ham izlanishlar olib boriladi.
Sirdaryo viloyati innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Xolov ushbu loyihani moliyalashtirish masalasi hal bo‘lganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Sirdaryo tumani innovatsion hududida ushbu loyiha bilan birga, yana 10 ta import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ilmiy yangiliklar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekistonda 204 gektarga zaʼfaron yetishitirish boshlangani hamda Belarusda isiriq giyohvand moddalar qatoriga kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







