Bosh prokuror va Oliy Sud raisi saylov davomida qonuniylikni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi
MSK matbuot markazida davlat organlari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumanlari davom etmoqda.

24 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda saylov jarayonida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida maʼlumot berildi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuratura muhim siyosiy tadbirda qonuniylik, ochiqlik va adolat tamoyillarini taʼminlashda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ishlayotganini maʼlum qildi. Shu bilan birga respublika bo‘yicha 300 ga yaqin prokuratura xodimlari 24 soat faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari saylov jarayonida qonuniylikni taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarda maxsus shtablar tashkil etilgan. Saylovda qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda bu shtablarga murojaat qilish mumkin.
Bosh prokuror qaysi holatlar saylovda qonun buzilishi sifatida baholanishini maʼlum qildi:
- saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik;
- nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish;
- nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on maʼlumotlar tarqatish;
- axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
- saylovni moliyalashtirish tartibini buzish;
- saylov natijalarini eʼlon qilish tartibini buzish.
Shuningdek, matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisi Kozimjon Komilov ishtirokida ham matbuot anjumani tashkil etildi. Unda saylov kampaniyasi davrida sud organlari faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Kozimjon Komilovning maʼlumotlariga ko‘ra, 24 oktyabr kuni soat 16:00 ga qadar butun respublika bo‘ylab 10 mingdan ortiq sudya va sud xodimlari hamda ularning oila aʼzolari saylovda ovoz berdi. Oliy sud raisining maʼlum qilishicha, hozirda sud organlarining asosiy vazifasi – saylov jarayonlarida qonuniylikni taʼminlash, saylov qonunchiligi mazmunini fuqarolarga yetkazishdan iborat.
Bundan tashqari respublika maʼmuriy sudlarida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda MDH kuzatuvchilari missiyasi bilan uchrashuvlar tashkil etilgani maʼlum qilindi.
Kozimjon Komilov saylov kampaniyasi rasman boshlangan sanadan – 24 iyuldan buyon qonun buzilish holatlari bo‘yicha shikoyatlar kelmaganini taʼkidladi. Shuningdek, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Bundan avval tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari xorijdagi saylov uchastkalari to‘g‘risida maʼlumot berilgandi.







