Xyuistra, Hasanov, Sekeyra, Yo‘ldosheva va Berdiyev ishi chora ko‘rish uchun qo‘mitalarga oshirildi
O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlarda yuz bergan bahsli holatlar bo‘yicha munosabat bildirildi.

Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Piter Xyuistra o‘z fikrini bildirdi, mezbonlar futbolchisi Jasur Hasanov esa unga javob qaytardi.
Jasur Hasanov o‘z javobida Piter Xyuistraga nisbatan qo‘pol so‘zlarni ishlatgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi uning bu haqoratlarini qoralab, Hasanov masalasini O‘FA Etika qo‘mitasiga oshirdi.
Hasanovning bunday xatti-harakatiga “Paxtakor” bosh murabbiyi bildirgan fikr sabab bo‘lgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi murabbiylar fikrini hurmat qilgan holda chegaradan chiqmaslikni so‘ragan. Shundan kelib chiqib, mehmonlar bosh murabbiyi ishi ham Etika qo‘mitasiga oshirildi.
Bundan tashqari, Coca-Cola Superliganing mazkur turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv” o‘yinidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mikael Sekeyra ham o‘z fikrini bildirgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi portugaliyalik murabbiy fikrlarini hurmat qiladi va har qanday holatda ham uni Reglamentga amal qilishga chaqiradi. Shuningdek, uchrashuv hakamlarini tanqid qilishga cheklov qo‘yilmagan. Agar hakamlar xatoga yo‘l qo‘ysa, yozma ravishda shikoyat kiritilishi kerakligi va bu boradagi yo‘l-yo‘riqlar Reglamentda o‘z ifodasini topgani maʼlum qilingan. Reglamentning 18.19-bandidan kelib chiqib, Sekeyra ishi intizom chorasi qo‘llash uchun Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Nasaf” uchrashuvi davomida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev Reglamentga zid bo‘lgan qator xatti-harakatlarni amalga oshirgan. Xabarlarga ko‘ra, “Nasaf” ustozining xatti-harakatlariga ham Tartib-intizom qo‘mitasi baho beradi.
Ayollar Oliy ligasining 20-turidan o‘rin olgan “Paxtakor-W” — “Navbahor-W” uchrashuviga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda mehmonlar uchrashuvni yakunlamay, maydonni tark etgan. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL jamoa bosh murabbiyi Karima Yo‘ldoshevaning litsenziyasini vaqtincha bekor qildi va uning xatti-harakatlarini Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirdi.
Avvalroq “Nasaf” OFK Kubogi finaliga yo‘l olgani va Eldor Shomurodovning narxi keskin ko‘tarilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







