O‘zbekiston Amerika davlatlari tashkiloti huzuridagi doimiy kuzatuvchi maqomini oldi
O‘zbekiston g‘arbiy yarim shardagi eng uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo‘ldi.


Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) doimiy kengashi O‘zbekistonga doimiy kuzatuvchi maqomini berdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ADT Shimoliy va Janubiy Amerikaning 35 davlatidan tashkil topgan. O‘zbekiston g‘arbiy yarim shardagi eng uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo‘ldi.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ADT doimiy kengashi raisi Joshua Fiajo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar mintaqaviy va global xavfsizlik ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlari va demokratik erkinliklarni taʼminlash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Qo‘mitaning ixtisoslashtirilgan muassasalari va affillangan tuzilmalari bilan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya, fan-taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari alohida muhokama qilindi.
Joshua Fiajo, shuningdek, O‘zbekistonning Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlari bilan, birinchi navbatda, savdo va sarmoya sohasida o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish uchun tashkilot platformasidan foydalanish istagini qo‘llab-quvvatladi.
Maʼlumot uchun: Amerika davlatlari tashkiloti 1948-yil Pan-Amerika ittifoqi (1889-yilda tuzilgan) negizida tashkil etilgan. ADT tashkilotga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarilgani, O‘zbekiston-Filippin munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilingani hamda Jahon musulmonlari sayohati indeksi reytingida O‘zbekiston 16-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.







