O‘zbekistonda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tashkil etildi
Milliy seriallar ishlab chiqarish davlat tomonidan rag‘batlantiriladi.

Milliy kino sanʼati jamiyat hayoti, qolaversa, xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash va asrab-avvaylashda muhim o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 7-avgust kuni imzolangan “Milliy kinematografiyani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda uzoq tarixga ega va o‘ziga xos tarraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan o‘zbek kino sanʼati rivoji uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va kinosanoati vakillari muassisligida O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi o‘z ishini boshladi. Markaz nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, Prezidentning 2021-yil 7-apreldagi "Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekistondagi barcha kinoteatrlar 2022-yilgacha elektron avtomatlashtirilgan tizim bilan jihozlanadi. Yangicha tizim mualliflik huquqi va sotilgan har bir chipta to‘g‘risida tezkor maʼlumot olishga imkon beradi. 2022-yil 1-avgustdan boshlab kinoteatrlarda ushbu tizimga ulanmasdan filmlarni namoyish etish chakana savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi quyidagi vazifalarni o‘z ichiga oladi:
— Kino sanʼatini jamiyatning maʼnaviy, madaniy-maʼrifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida shakllantirish;
-— Kino sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish, shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish;
— Kino sanoatini iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida rivojlantirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish;
— Kinematografiya sohasida kadrlar tayyorlash, kino ijodkorlari va texnik xodimlari malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
— Milliy seriallar ishlab chiqarishni davlat tomonidan rag‘batlantirish, animatsion filmlar ishlab chiqarishga yosh multiplikator va animatorlarni keng jalb qilish;
— Sohada mualliflik huquqining kafolatli himoya qilinishini taʼminlash, kinoprokat tizimini rivojlantirish va milliy filmlarni jahon kino bozorlariga olib chiqish va boshqalar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari bilan kelishuvga erishgandi.
Avvalroq O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hamkorligida Xo‘ja Nasriddin haqida multfilm suratga olinishi, “Umovie” onlayn kinoteatri ishga tushirilishi, "Danmon Group" kompaniyasi bilan kelishuv imzolangani hamda Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘llashgani haqida xabar berilgandi.







