Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi "Zamin" fondi 2 ming nafar bolaga yordam berdi
Fond eshitish qobiliyati zaif bolalar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida maktab-internatlarga zamonaviy FM tizimlarini sovg‘a qildi.

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Zarbdor tumanidagi 1 va 2-sonli maktab-internatda bo‘ldi. Bu yerda ta'lim olayotgan 2 ming nafar o‘quvchiga 2 donadan zamonaviy eshitish apparati bepul topshirildi.
Ziroat Mirziyoyeva o‘quvchilar bilan uchrashuvda shunday dedi:
“Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri, siz o‘zingizni namoyon qilishingiz uchun zarur sharoitlarni yaratib berish. O‘qishda, ishda, ijodda, sportda, ijtimoiy faoliyatda o‘zingizni topa olishingizni istaymiz. Qobiliyatingiz, qiziqishlaringizni yuzaga chiqarishda hech qanday to‘siq bo‘lmasin, deymiz. Muhim vazifalarimizdan biri – inklyuziv jamiyatni yaratish. Siz o‘z mahoratingizni oshirib, sifatli taʼlim olishingiz va to‘siqlarsiz jamiyatga yana-da moslashishingizni istaymiz".
Ma'lumot uchun: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida joylashgan 8 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda ham ana shunday jihozlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 2022-yil oxirigacha Respublika bo‘ylab 18 ta maktab-internat to‘liq jihozlanishiga erishiladi.
⠀
FM-tizim kerakli tovushlarni bevosita o‘quvchining eshitish apparatlariga uzatayotgani tufayli bolalar o‘qituvchining gapini eshitadi va nutqni sinfda ham, shaxsiy darslarda ham rivojlantiradi. Bundan tashqari, bir guruh mutaxassislar bolalarning eshitish qobiliyatini diagnostika qilish va eshitish vositalarini individual sozlash bo'yicha amaliy ishlar olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq imkoniyati cheklanganlarning yo‘llardagi cheklangan imkoniyatlariga chek qo‘yish zarurligi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.







