Iqtisodiyot tarmoqlarida ishlayotgan xodimlar suhbat asosida OTMlarga qabul qilinadi
Buning uchun 5 yil ish staji talab etiladi.

Hukumat qaroriga asosan iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki taʼliimga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati har yili 1 iyulgacha tasdiqlanib, OAVda eʼlon qilinadi.
Tegishli tavsiyanomaga ega fuqarolar har yili 20-iyuldan 10-avgustgacha Davlat test markazining maxsus elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Suhbat jarayoni har yili 20-avgustdan 30-avgustgacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Natijalarga ko‘ra, 100 ballik baholash mezonida 55 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar OTM rektori buyrug‘i bilan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi.
Tavsiyanomalar faqat berilgan o‘quv yili uchun amal qiladi.
Nizom oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur tartib 2022 yil 1 maydan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan chegirmalar joriy qilingani hamda banklarga beriladigan kreditlar muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







