Bu bemaʼnilikni to‘xtatish kerak – Jerom Roten
“PSJ” klubining sobiq futbolchisi Jerom Roten parijliklar hujumchisi Lionel Messining Argentina terma jamoasiga ketganini tanqid qildi.

34 yoshli hujumchi jarohati sabab "PSJ"ning so‘nggi ikki o‘yinini o‘tkazib yuborganiga qaramay, terma jamoa yig‘iniga yo‘l oldi:
“Bu shok, men buni tushunmayapman. Bu bemaʼnilikni to‘xtatish kerak. Jarohatingiz bor, oxirgi o‘yinlarda maydonga tushmadingiz, “Bordo” bilan o‘yinni o‘tkazib yubordingiz. Siz jarohatingizni tekshirish uchun ketdingiz, shubhasiz, lekin endi bor eʼtiboringizni “PSJ”ga moslashishga qarating. Bu yerda bor imkoniyatingizni ishga soling. Messi terma jamoada o‘yin o‘tkazib, “PSJ”ga qaytadi. Yoki u jarohat bilan ham olishi mumkin. Messi o‘z formasini to‘liq tiklab olgunga qadar terma yig‘inida ishtirok etmay turgani maqʼul edi”.
Eslatib o‘tamiz, “PSJ” klubi joriy mavsum Fransiya chempionatining turnir jadvalida 34 ochko bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Avvalroq parijliklar Benzemani qo‘lga kiritmoqchiligi va Messi Chempionlar ligasi o‘yinini o‘tkazib yuborishi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







