Noyabr oyi oxirida Koreyaga ketish tiklanishi mumkin
O‘zbekistondan E-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklanishi rejalashtirilmoqda.

Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi rasmiy bayonotiga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyi oxirida ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar qatori O‘zbekistondan ham mehnat migrantlarini qabul qilish tartibi tiklanishi rejalashtirilgan. Bu haqida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov UzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Rasmiyning aytishicha, endilikda Koreyaga ketishni istaganlar imtihon jarayonlarining barcha bosqichlaridan o‘tgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, ularga ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi berilgan bo‘lishi lozim.
Mazkur xorij davlatiga ishlash uchun jo‘nab ketishni kutayotgan fuqarolar Koreyada tan olingan, yaʼni AstraZeneca, Moderna, Pfizer vaksinalardan biri bilan emlangan bo‘lishi lozim. Bunda migrantdan Koreya Respublikasiga kirib borishdan kamida 14 kun oldin to‘liq emlangan bo‘lishi va tegishli sertifikatni taqdim etishi talab etiladi.
Bundan tashqari, mehnat migranti jo‘nab ketishdan bir hafta, shuningek, uchish vaqtidan 72 soat oldinroq Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tan olingan labaratoriyalarida PSR testlarini topshirgan va test natijasidan manfiy javob olgan bo‘lishi lozim.
Eslatma. Bunda Korea No 1 Laboratory, SWISS LAB, De Factum Laboratories, INTERMED Innovation laboratoriyalari nazarda tutilmoqda.
“Endilikda Koreya Respublikasiga kirib borgan mehnat migrantlari avvalgidek 14 kun emas, balki 10 kunlik karantin davrini o‘tashi ham lozim bo‘ladi”, - deydi agentlik matbuot xizmati vakili.
Eslatma. 2020 yilning mart oyida boshlangan koronavirus pandemiyasi oqibatida joriy etilgan qator cheklovlar sababli Koreya Respublikasi mehnat migrantlarini qabul qilishni to‘xtatgan edi.
Rossiyada migratsiya to‘g‘risidagi yangi qonun ishlab chiqilayotgani, mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanishi hamda “E-8” vizasi asosida 420 nafar fuqaro Koreyaga ishga yuborilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







