1.6 milliard so‘mlik tilla va zargarlik buyumlari yashirin tarzda pochta jo‘natmasi orqali yuborilgan
Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati “Zamon.uz” ga maʼlum qildi.

Xorijdan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga yuborilgan 3 dona pochta jo‘natmasida aslida hujjatlarga muvofiq jami 74 dona oddiy bijuteriya va qo‘l soatlari bo‘lishi lozim edi.
Ammo, jo‘natmalar belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, undagi taqinchoqlar qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan ishlangan zargarlik buyumlari ekanligi aniqlandi.
3 ta pochta jo‘natmasida jahonga mashhur nufuzli brendning tilladan ishlangan 664,7 gr. og‘irlikdagi 58 dona zargarlik buyumlari, shuningdek 26 dona qo‘l soatlari borligi maʼlum bo‘ldi. Mazkur taqinchoq va soatlarning aksariyati esa qimmatbaho olmos toshlari bilan bezalgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 1 milliard 593 million so‘mdan oshmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq, Andijonda tilla buyumlarning olib chiqib ketilishining oldi olingani hamda Sharbat tayyorlash qurilmasi ichiga yashiringan tilla va zargarlik buyumlari fosh qilingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







