Misrda O‘zbekiston milliy madaniyati taqdimoti o‘tkazildi
Unda Malayziya, Indoneziya, Nigeriya va boshqa davlatlardan kelib, tahsil olayotgan talabalar qatnashdi.


O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ishtirokida Misrning “Al-Azhar” diniy majmuasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar tomonidan mamlakatimiz Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan xalqimiz milliy urf-odatlari va taomlarini namoyish etuvchi madaniy tadbir o‘tkazildi.

“Dunyo” axborot agentligining xabar qilishicha, tadbir avvalida o‘zbek ayollari faoli Muqaddas Haydarova O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimiz razmi va uning tarixi haqida yig‘ilganlarga batafsil maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni tarbiyalab voyaga yetkazgan o‘zbek ayollarining oiladagi o‘rni va qadri xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Yurtdoshlarimiz tomonidan tayyorlangan milliy urf-odatlarimiz, xususan, o‘zbek kelinlari tarbiyasi, oila odobi to‘g‘risidagi sahna chiqishlari mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Ayniqsa, misrlik va boshqa yurt vakillari o‘zbek milliy pazandachiligiga yuqori baho berib, palov, somsa, qatlama va boshqa lazzatli taomlarni tayyorlash sirlaridan voqif bo‘ldi.

Taʼkidlanishicha, “Al-Azhar” rahbariyati kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazish, o‘zbek xalqi madaniyati va urf-odatlarini keng yoyish orqali turli millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini izhor etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston ulamolari Buxoroda bo‘lishgani haqida xabar bergan edik.







