Navoiyda 2,3 kg oltinni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Departament, DXX va IIBning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro S.N. sof quyma oltinni o‘tkazish maqsadida fuqaro R.dan 548 gramm sof qo‘yma oltinni 328,5 million so‘mga, fuqaro B.dan esa 1,7 kg sof quyma oltinni 1,7 milliard so‘mga xarid qilgan.
Taʼkidlanishicha, tadbir yakunida undan jami 2,3 kg sof quyma oltin parchalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. U Navoiy — Samarqand yo‘nalishida “Nexia-2” rusumli avtotransport vositasida harakatlanib kelayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tilla buyumlarning olib chiqib ketilishining oldi olingani, sharbat tayyorlash qurilmasi ichiga yashiringan tilla va zargarlik buyumlari fosh qilingani hamda Namanganda 35 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan ayollar aniqlangani haqida xabar berilgandi.







