Toshkentda mushuklar qotili qo'lga olindi
U 40 daqiqa ichida beshta mushukni qiynab, ularning birini o‘ldirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs Toshkentning Yashnobod tumanida mushuklarni qiynagani va o‘ldirgani tasvirlangan videolar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda aytilishicha, 16-20 yosh atrofidagi yigit mushuklarni paket yordamida aldab ushlagan va ularni "podyezd"ga olib kirib, qiynagan.
Toshkent IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, videodagi yigit — 20 yoshli I.A. ekani maʼlum bo‘lgan. U Yashnobod tumani IIO FMB 1-son ichki ishlar bo‘limiga yetkazilgan, suhbat davomida u qilmishiga iqror bo‘lgan.
Ushbu holat 16-noyabr kuni taxminan soat 15:00 da Yashnobod tumanida kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.
Hozirda mazkur fakt bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda va unga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mushukni kaltaklagan bolaning onasi jarima to‘lashi mumkinligi, Jizzaxda it ovlov brigadasi 7 ta uysiz itni otib tashlagani hamda O‘zbekistonda qancha hayvon pasport olgani haqida xabar berilgandi.







