Samarqandda 2 nafar shaxs poyezd vagonidan 755 kg ko‘mirni talon-toroj qildi
Ko‘mir mahsulotlari ortilgan yuk poyezdi qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk poyezdini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan.

IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xabariga ko‘ra, Zirabuloq—Ziyovuddin temir yo‘l bekatlari oralig‘ida to‘xtagan yuk poyezdidan ko‘mirlarni talon-toroj qilishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 11-noyabr kuni Samarqand viloyat IIB Transportda XTBga Zirabuloq—Ziyovuddin temir yo‘l bekatlari oralig‘ida yuk poyezdi to‘xtagani bo‘yicha xabar kelib tushgan.
Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida 10 noyabr kuni soat 21:21 da ushbu temir yo‘l bekatlari oralig‘ida Maroqand—Tinchlik yo‘nalishida harakatlanayotgan vagonlarda orasida ko‘mir mahsulotlari ortilgan yuk poyezdi 3810-kilometrida qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk poyezdini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan.
Poyezd to‘xtagan vaqtda Samarqand viloyati Narpay tuman “Do‘stlik” mahallasida yashovchi fuqarolar E.M. (1980-yilda tug‘ilgan) va M.Z. (1982-yilda tug‘ilgan) yarim ochiq vagondan 755 kilogramm ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Termiz shahrida ko‘mir mahsuloti talon-toroj qilingani, Farg‘onada ombor mudiri aholi va davlat tashkilotlariga tarqatilishi kerak bo‘lgan 852 ming tonna ko‘mirni sotib yuborgani hamda Termizda ko‘mir o‘g‘rilariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.







