Andijonda 9 yashar qizni qasddan o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi
Ayol qotillik bilan birga o‘g‘irlik hamda firibgarlik jinoyatlarini ham sodir etgani isbotlandi.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida 9 yoshli qizaloqning vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tergov hamda sud jarayonlari haqida xabarlar, turlicha munosabatlar bayon etilgan fikrlar tekshirildi, o‘rganildi.
Bosh prokuratura tomonidan rasmiy bayonot berildi.
Bayonotga ko‘ra, Andijon viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining 2021 yil 5 maydagi Asroraxon Xamdamovaga nisbatan chiqargan oqlov hukmiga Andijon viloyati prokurori tomonidan protest keltirilgan. Oliy sudning yakuniy to‘xtamidan keyingina jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildirilishi haqida maʼlum qilingan.
Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati tomonidan protest qanoatlantirilib, A.Xamdamova Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Maʼlumot uchun: fuqaro Asroraxon Xamdamova 2020 yil 21 iyun kuni qo‘shnisi D.A. istiqomat qiladigan uyga o‘g‘rilik maqsadida kirgani va u yerdan pul olganiga guvoh bo‘lgan, yosh bola Q.I.ning tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida 23 yoshli yigit J.X. 29 marotaba pichoqlanishi oqibatida vafot etgani hamda Andijon tumanida yashovchi fuqaro kelishmovchilik sabab o‘gay ukalarini chopib tashlagani haqida xabar berilgandi.







