8 yil oldin yo‘qolgan qizning murdasi topildi
Marhumani o‘gay otasi bo‘g‘ib o‘ldirgani aniqlangan.

Surishtiruvlarga ko‘ra, qizning jasadi Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan dala hovlilardan birining yerto‘lasidan topilgan.
Hali 18 ga to‘lmagan Nargiza 2012-yil 21-sentyabrda Eski Juva bozorida o‘gay otasi Sanjarbek chaqirgani bois uning oldiga borgan va qaytib kelmagan. Asli surxondaryolik bo‘lgan 1984-yilda tug‘ilgan To‘xtayev Sanjarbek marhumaning onasidan 9 yosh kichik bo‘lgan.
Qizning uyga qaytib bormagani yaqinlarini xavotirga solgan. Keyin Ichki ishlar organlari va Prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq ular ham qizning na o‘ligini, na tirigini topishadi.
Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsada hamon tegishli joylarga murojaat qilib yurgan qizning yaqinlari oradan 8 yil o‘tibgina asl haqiqatni bilishdi.
Voqea tafsilotiga ko‘ra, marhumaning o‘gay otasi Sanjarbek Shayxontohur tumanida joylashgan Eski Juva bozori hududida G‘iyosova Nargiza (o‘gay qizi) bilan telefon orqali bog‘lanadi va uni aldov yo‘li bilan ushbu bozor hududiga chaqirib oladi. Keyin ular Nargizaning onasi Umarova Nigoraga tegishli bo‘lgan Parkent tumanidagi dalahovliga borishadi. Manzilga kelishgach o‘gay ota qizni choyshab bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi va dalahovlining yerto‘lasiga ko‘mib, voqea joyidan yashirinadi.
Ayblanuvchining ko‘rsatmasiga binoan, Parkent tumanidagi dalahovli, yaʼni hodisa joyi o‘rganilganda, haqiqatdan ham mazkur uyning yerto‘lasida inson suyaklari topildi.
Mazkur holat bo‘yicha 36 yoshli Sanjarbek Jinoyat Kodeksining 92-moddasi 2-qismi (qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etish) bilan aybdor deb topildi va Toshkent viloyati sudi tomonidan 20 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Avvalroq Qashqadaryoda 60 yoshli erkak sharʼiy nikohdagi to‘rtinchi xotinini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







