Sport

O‘zbekistonlik sobiq tennischi Albina Xabibulina umrbod sportdan chetlashtirildi

U kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilganlikda ayblanmoqda

O‘zbekistonlik sobiq tennischi Albina Xabibulina umrbod sportdan chetlashtirildi

2 dekabr kuni Tennis Integrity Agency (ITIA) agentligi sobiq tennischi Albina Xabibulina umrbod diskvalifikatsiya qilingani haqida xabar berdi.

 

Bunga Tennisda korrupsiyaga qarshi kurash dasturining (TACP) ko‘plab qoidalari buzilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

 

Bundan avval, Fransiya politsiyasi kelishilgan o‘yinlarda qatnashganlikda gumon qilingan ikki tennischini qo‘lga olgani, ulardan biri O‘zbekistonlik Albina Xabibulina ekanligini maʼlum qilgan edi.

 

Tennischi oldindan kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish aybi bilan 2021 yil 21 noyabr sanasidan boshlab umrbod sportdan chetlatilgan.

 

Albina o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga eʼtiroz bildirmagan. Sportchining arbitraj sudiga apellyatsiya berishi uchun yana 20 kun bor.

 

Ayni damda Albina Xabibulina 2017 yildan beri O‘zbekiston fuqarosi hisoblanmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonot bergan.

 

Eslatib o‘tamiz, Albina Xabibulina faoliyati davomida IFT yakkalik bahslarida eng ko‘p 492 ochkoga, IFT juftlik bahslarida esa eng ko‘p 208 ochko to‘plagan.

 

Avvalroq, Buyuk Britaniya paralimpiya terma jamoasi aʼzosi Erin Makbrayning qonida “ostarin” taqiqlangan modda aniqlangani uchun uch yilga diskvalifikatsiya qilingani, o‘zbekistonlik 7 nafar sportchi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchida doping aniqlangani haqida xabar berilgandi.

 

Munojat Valiyeva

 

 

O‘zbekistonlik sobiq tennischi Albina Xabibulina umrbod sportdan chetlashtirildi | Zamon.uz