Nodirbek Abdusattorov peshqadamlar safida bormoqda
Shu kunlarda Ispaniyaning Barselona provinsiyasidagi Kasteldefels shahrida shaxmat bo‘yicha “El Llobregat” xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur xalqaro turnirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 150 nafar mahoratli shaxmatchi g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda. Ishtirokchilar reytingida eng yuqori pog‘onada qayd etilgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ortda qolgan 4 tur natijalariga ko‘ra 3,5 ochko bilan 2-7-o‘rindan joy olgan. U 4-turda oq donalarda ispaniyalik Asis Gargatagli Hipolito ustidan g‘alaba qozondi va o‘z ochkolari sonini 3,5taga yetkazib oldi.
“El Llobregat” xalqaro turnirida hozircha ochko yo‘qotmay kelayotgan hindistonlik xalqaro master Aditya Mittal peshqadamlik qilmoqda, uning hisobida 4 ochko bor. 6 nafar shaxmatchi, shu jumladan Nodirbek Abdusattorov ham 3,5 ochko bilan taʼqib etuvchilar qatoridan o‘rin olgan. 5-turda Nodirbek qora donalarda aynan peshqadam A.Mittal bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnir shveysarcha tizimda o‘tkazilib, 9 turdan iborat hisoblanadi.
Avvalroq 12 yoshli bola shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterga aylangani va Toshkent shahrida sovrin jamg‘armasi 120 ming dollarlik turnir o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







