Yoshlarimiz 15 ta medal bilan Osiyo chempionatida birinchi bo‘lishdi
Livan poytaxti Bayrut shahri mezbonligida o‘tgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati o‘z yakuniga yetdi.

Unda o‘smirlarimiz 9 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Kecha yoshlarimiz ham ikki kunlik murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra qitʼada birinchi bo‘lishdi. Unda termamiz aʼzolari 7 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 15 ta medal bilan 15 davlat orasida umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni band etdi. To‘rt kun davomida Bayrutda 16 marotaba O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Maʼlumot o‘rnida: Qozog‘iston terma jamoasi musobaqada 3 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuchli uchlikka 2 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan Janubiy Koreya terma jamoasi yakun yasab berdi.
Avvalroq dzyudochilarimiz xalqaro turnirni ikkita medal bilan yakunlashgani va Davlat Bobonov prezident sovg‘a qilgan uyni borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







