Oliy harbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning yangi tartibi belgilandi
Nizomga ko‘ra, oliy harbiy taʼlim muassasalari (OHTM)da o‘qishga saralab olish va qabul qilish Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Saralab olish tadbirlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
• harbiy-professional yo‘naltirish;
• dastlabki saralab olish;
• test sinovlari.
Diqqat! Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.
Maʼlumot uchun, nomzodlar yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.
Arizalar yoki bildirgilar qabul yilining 1 fevralidan 31 martigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda o‘tkaziladi:
Birinchi bosqich 1 fevraldan 10 aprelgacha (shu kuni ham) bo‘lib o‘tadi. Bunda yoshlar (talabalar) uchun – mudofaa ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida birinchi bosqichdan o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich esa 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham) bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Saralash jarayonlari mudofaa ishlari boshqarmalari va Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida o‘tkaziladi. Unda yoshlar (talabalar) ham, harbiy xizmatchilar ham qatnashishadi.
Eslatma. Oliy harbiy taʼlim muassasalari(OHTM)ga test sinovlarisiz kirish imtiyoziga ega bo‘lgan nomzodlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar qabul yilining 25 iyunigacha Davlat test markaziga taqdim etilishi lozim.
Shuningdek, chet tilini bilish bo‘yicha kamida V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikat taqdim etganlarga chet tili fanidan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball qo‘yiladi hamda ular chet tili fanidan test sinovi topshirmaydi.
Maʼlumot uchun, OHTMda test sinovlari har yili iyul-avgust oylarida nomzodlar tanlagan hududlarda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.
Diqqat! Nizomga binoan, kursantlarga o‘qishini bir vazirlik va idoralar Oliy harbiy taʼlim muassasasidan boshqa vazirlik va idoralar OHTMiga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
Mazkur nizom Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibiga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Jamoat xavfsizligi universitetida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish hamda mazkur universitet kursantlari (talabalari) va tinglovchilarini o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibiga nisbatan amal qilmaydi.
Avvalroq Oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani hamda harbiy xizmatga chaqirilishda bo‘lgan yangiliklar haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







