Sport

Bo‘stonliqda “Snow Polo Amirsoy CUP-2022” musobaqasi o‘tkazildi

Unda jami 4 ta jamoa ishtirok etdi.

Bo‘stonliqda “Snow Polo Amirsoy CUP-2022” musobaqasi o‘tkazildi

 

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘ida dengiz sathidan 2 200 metr balandlikda qor polosi bo‘yicha 2-anʼanaviy “Snow Polo Amirsoy CUP-2022” musobaqasi tashkil etildi.

 

Unda “Milliy gvardiya Polo Club”, “OFB Polo Club” (Orient Finans bank), “Ot sporti maktabi” hamda “NRG Polo Club”  jamoalari ishtirok etdi.

 

Dastlab jamoalar yarim finalda o‘zaro kuch sinashishdi. Qurʼa natijasiga ko‘ra, yarim finalning dastlabki o‘yinida “OFB” jamoasi Milliy gvardiya qoshidagi ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi xodimlaridan tashkil topgan jamoasini yaqqol ustunlik bilan 8:1 hisobida mag‘lub etdi.

 

Ikkinchi yarim final juftligida “NRG Polo Club” jamoasi aʼzolari musobaqada g‘oliblikka asosiy daʼvogar “Milliy gvardiya” polo jamoasiga kichik 2:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

 

Hal qiluvchi final bahsida esa milliy gvardiyachilar “OFB Polo Club” ustidan 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi va “Snow Polo Amirsoy CUP-2022” musobaqasi g‘olibiga aylandi. Bu “Milliy gvardiya” polochilarining ushbu yo‘nalishdagi musobaqalarda qo‘lga kiritgan ilk sovrini sifatida tarixga kirdi.

 

Аvvalroq, Toshkent shahrida polo bo‘yicha “Mustaqillik kubogi-2021” musobaqasi boshlangani haqida xabar berilgandi.

 

Jamshidbek Amirov