Murod Xolmuhammedov Godin va Marselo bilan bir qatordan joy oldi
Eng ko‘p gol urgan himoyachilar ro‘yxati eʼlon qilindi.

Futbol tarixi va statistikasi Xalqaro Federatsiyasi — IFFHS 2011-2021 yillarda eng ko‘p gol kiritgan himoyachilar ro‘yxatini eʼlon qildi. Statistikani tuzishda milliy chempionat oliy ligasida, mamlakat kubogi bahslarida, klub miqyosidagi rasmiy xalqaro uchrashuvlarda, milliy terma jamoa rasmiy o‘yinlaridagi kiritgan gollari hisoblangan.
Unga ko‘ra, “Qo‘qon-1912” himoyachisi Murod Xolmuhammedov 55-o‘rinni egallagan. O‘zbekistonlik himoyachi “Kalyari” futbolchisi Diyego Godin va “Real Madrid” aʼzosi Marselo kabi tajribali o‘yinchilar bilan bir xil ochko to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yakunlariga ko‘ra Murod Xolmuhammedov 19-o‘rin, uzoq vaqt davomida “Metallurg” klubi sharafini himoya qilgan, bugungi kunda “Yangiyer” jamoasida faoliyat olib borayotgan Dilmurod Karimov 52-o‘rinni egallagan edi.
Avvalroq, PFL rahbari futbolchilarni ogohlikka chorlagani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







