Rangnik Donni van de Bekga imkon bermoqchi
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ralf Rangnik gollandiyalik yarim himoyachi Donni van de Bekning mavsum oxirigacha jamoada qolishini istamoqda.

Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘zining twitter sahifasida maʼlum qildi.
Manbaning xabariga ko‘ra, klub hali futbolchining kelajagi borasida aniq bir qarorga kelmagan. Ammo bosh murabbiyning futbolchini jamoda olib qolish istagi bo‘lishiga qaramay, yarim himoyachining ijara asosida boshqa jamoaga o‘tib ketishi ehtimoli hamon mavjud. Hozircha futbolchi hech qaysi klub bilan muzokara o‘tkazmagan. Avvalroq futbolchi yangi klub topish umidida agentini almashtirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, gollandiyalik futbolchi joriy mavsumda Manchester klubi safida barcha turnirlar doirasida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, atigi 1 ta gol urgan.
Maʼlumot o‘rnida: yarim himoyachi “Manchester Yunayted”da 2020 yildan buyon o‘ynab kelmoqda, u Manchester klubiga “Ayaks”dan 39 million yevro evaziga o‘tgan edi. Van de Bekning klub bilan shartnomasi 2025 yilning iyunigacha amal qiladi.
Avvalroq, Krishtianu Ronaldu “Manchester Yunayted”dan ketmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







