"Biz paralimpiyada yo‘nalishida emasmiz. Balki shuning uchun ham homiy topilishi qiyin bo‘layotgandir"
Futbol bo‘yicha besh karra jahon chempioni bilan suhbat.

O‘zbekistonda nogiron-amputantlar futboli 1988 yilda tashkil etilgan bo‘lib, terma jamoamiz aʼzolari besh karra jahon chempioni hisoblanadi. Ushbu chempionatlarning barchasida ishtirok etgan terma murabbiyi Abdujamil Shukurov bilan jamoaning bugungi holati haqida suhbatlashdik.
— O‘zbekiston terma jamoasida necha yildan beri o‘ynaysiz?
— Jamoaga 1991 yilda kirib kelganman. Bolaligimda Toshkent shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi jamoalarda o‘ynab yurgan vaqtlarim qattiq jarohat olganman. Shundan so‘ng shifokorlar oyog‘imni kesib tashlashgan. 17 yoshim (1990)da “Matonat” futbol klubiga kelib qo‘shilganman. O‘sha yili AQSHda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida jamoamiz bilan ilk bor jahon chempioni bo‘lganmiz. Bitta oyog‘im yo‘q bo‘lishiga qaramay, bu natijaga erishish hayotga bo‘lgan muhabbat va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yana-da oshirgan. O‘sha vaqtda jamoamizning asosiy futbolchilarini afg‘on urushida qatnashgan yigitlar tashkil etgan. 18 yoshimda ham Toshkent shahrida o‘tgan jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritganmiz. Keyinchalik Angliyada bo‘lgan jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni oldik, Amerikada esa uchinchi o‘rin. 2007 yil yangilangan tarkibda deyarli 7 yil o‘tkazilmagan jahon birinchiligida birinchi o‘rin sohibi bo‘ldik. Uch yildan so‘ng Argentinada o‘tgan chempionatda va oxirgi 2012 yil Rossiyada o‘tgan musobaqada ham chempionlikni qo‘lga kiritganmiz.
— Jahon chempionlarini yurtimizda kutib olish tadbirlari va yutuqlar qanday bo‘lgan?
— 2007 yil — yurtimizda "Ijtimoiy himoya yili" deb eʼlon qilingandi. O‘shanda bizni aeroportda yaxshi kutib olishgan. Jahon chempioni bo‘lganimizni, haqiqiy quvonch hissini tuyganmiz. Hukumatimiz tomonidan jamoamiz “Izusi” avtobusi bilan taqdirlangan. Har bir futbolchiga esa 3 000 ming AQSH dollaridan pul mukofoti berilgan. 2010-2012 yil ham shu tariqa sovg‘alar tuhfa etilgan.
— Hozirda jamoaga qandaydir ko‘mak zarurmi?
— Albatta. Bizning eng og‘riqli nuqtamizku. Oramizda yaxshi odamlar ko‘p. Ular bizga yordam berishadi. Avvalgi federatsiya rahbari Mirabror Usmonov bizga alohida eʼtibor qaratardi. Imkon qadar biz uchun qulay bo‘lgan sharoitlar yaratib berardi. Ammo hozir unday emas. Biz paralimpiyada yo‘nalishida emasmiz. Balki shuning uchun ham homiy topilishi qiyin bo‘layotgandir. Jamoamiz aʼzolari uzoq viloyatlardan kelishadi. Toshkentga kelib-ketish xarajatlarini hammasini o‘zlarining yonidan to‘laydi. Shu tomondan ham qandaydir moddiy ko‘mak berilsa, xursand bo‘lardik. Ularning o‘zi 600-700 ming pensiya oladi. Hozirda jamoa boshlig‘imiz bilan futbolchilarga stipendiya berishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
O‘tgan yili Farg‘ona shahrida Mirabror Usmonov xotirasi bag‘ishlab Andijon, Zomin, Jizzax, Namangan, Toshkent hamda Farg‘onada klublar tashkil etildi va birinchi O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Unda 7 ta jamoa qatnashdi. U turnir bizning “Matonat” klubimiz orqali homiylar topilib, tashkillashtirilgan.
— Jamoa aʼzolari futboldan tashqari yana nima bilandir shug‘ullanadimi?
— Ha: baʼzilar o‘qiydi. Yana boshqalar ishlaydi. Hozirda jamoamizning 4 nafar aʼzosi Turkiyada legioner sifatida o‘ynamoqda. Bizga yetarlicha eʼtibor qaratilib, sharoitlar yaratib berilsa boshqa futbolchilarimiz ham muntazam sport bilan shug‘ullanadi. Ko‘pchilik jamoaga kelganida "oylik, turar-joy bormi", deb so‘raydi. Bizda esa bunga imkoniyat yo‘q. Ammo yuragida o‘ti borlar 250 kilometr uzoqlikdan kelib bo‘lsa ham mashg‘ulotlarda qatnashadi. Kimdir “kira” qiladi, kimdir bozorda ishlaydi. Baribir futbolni esdan chiqarmaymiz. O‘zim ham jamoa bosh murabbiyidan tashqari, Rossiyada leginer sifatida o‘ynayman.
— O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasini jahon chempionatiga chiqish imkoniyati qanday baholaysiz?
— Termada yosh futbolchilar yetishib chiqmoqda. Hukumatimiz juda katta eʼtibor qaratmoqda. Chin yurakdan harakat qilishsa, yaqin yillarda jahon chempionatiga chiqib qolamiz, degan umiddaman. Faqat yaxshi niyat qilish kerak. Chiqmaydi desak, chiqmay qolib ketaveradi. Bu narsani ustida juda ko‘p odam ishlayapdi.
Jamshidbek Amirov







