Buxoroda futbol o‘yini mushtlashuvga aylandi
Buxoro viloyatida futbol o‘yini vaqtida ommaviy janjal kelib chiqdi.

Shundan so‘ng viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Xabarga ko‘ra, 5 fevral kuni Buxoro viloyati Jondor tumani "Nurafshon” mahallasining Moxon qishlog‘ida joylashgan stadionda Tobagar va Chandir qishloqlari fuqarolari o‘zaro futbol o‘yini o‘ynagan hamda mazkur o‘yin paytida ommaviy janjal kelib chiqqan.
Maʼlum bo‘lishicha, mazkur videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘yin davomida sodir bo‘lgan janjal va bu jarayonda biror bir fuqaroning tan jarohati olganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zi yoki boshqa shaxslar tomonidan Ichki ishlar boshqarmasining 102 avtomatlashtirilgan tizimiga, tibbiy muassasalarga, 103 qisqa raqamli tez yordam xizmatiga, tuman IIB navbatchilik qismi va hududiy profilaktika inspektoriga murojaat kelib tushmagan.
“Holatga va ushbu fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda ularning hatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi”, — deyiladi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabarida.







