Mane bir bolani o‘limdan saqlab qoldi
Senegal terma jamoasi hujumchisi Sadio Mane kamerunlik oilalardan biriga moddiy yordam ko‘rsatdi.

Afrika Millatlar Kubogining 1/8 finali doirasida Kabo-Verde bilan o‘yindan so‘ng senegallik hujumchi miya chayqalishi ehtimoli borligi sababli ko‘rikdan o‘tish uchun shifoxonaga bordi. Tibbiyot muassasasida Mane jarohatlangan boladan xabar topdi va uning davolanishi uchun pul to‘ladi.
“Bafoussamda Mane bir oilaning moddiy ehtiyojini qoplab berdi. Bir bolani mototsikl urib yuborgan va uning butun tanasi jarohat olgandi. U o‘limga yaqin turardi. Ota-onasi esa farzandining davolanishi uchun pul to‘lashga qodir emas edi. Sadio og‘ir ahvolda qolgan oila aʼzolari bilan uchrashib, nima bo‘lganini so‘radi. Unga vaziyat tushuntirildi va u oilaga 400 000 SFA franki (600 yevrodan bir oz ko‘proq) pul berdi”, - deya Kamerun telekanali “EquinoxeTV” xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, Mane Afrika Kubogining yettita o‘yinida maydonga tushib, uchta gol urdi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Misr bilan final uchrashuvining 7-daqiqasida Sadio penaltini aniq amalga oshira olmadi. Biroq, penaltilar seriyasida 11 metrlik nuqtani aniq amalga oshirdi va jamoasiga turnir chempionligini taqdim etdi.
Avvalroq, Prezident futbolchilarni kutib olish uchun diplomatik safarni bekor qilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







