Zaniolo uchun kurash avjida
“Liverpul”, “Yuventus” va “Atletiko” klublari yosh futbolchiga qiziqish bildirmoqda.

“Roma” yarim himoyachisi Nikolo Zaniolo kelasi yozda jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Bo‘rilarning 22 yoshli yulduziga “Liverpul”, “Yuventus” va Madridning “Atletiko” klublari qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Calciomercato” nashri xabar berdi.
“Bavariya”, “Tottenhem” va “Milan” ham Zaniologa daʼvo qilishmoqda. Ammo manbaga ko‘ra, futbolchi uchun kurashda aynan “Yuventus”, “Atletiko” va “Liverpul” favorit hisoblanadi.
“Roma” 22 yoshli futbolchi bilan shartnomani uzaytirish borasida kelisha olmagani xabar qilingandi. Zaniolo joriy mavsum A Seriyada 20 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u Konferensiya ligasining to‘rtta o‘yinida bir gol va ikkita golli uzatmaga egalik qildi.
Maʼlumot o‘rnida: Zanioloning Italiya jamoasi bilan shartnomasi 2024 yilda yakuniga yetadi. Transfermarkt portali futbolchining narxini 33 million yevroga baholamoqda.
Avvalroq, Shomurodov “Roma” bilan 5 yillik shartnoma imzolagani va Mourinyo klubni isloh qilishda davom etmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







