Qishki Olimpiadaning keyingi manzili — Apennin yarimoroli
"Buzoqchalar o‘lkasi" nimalarni vada qilmoqda?

Konkida uchish bo‘yicha Rossiya terma jamoasi aʼzosi Olga Fatkulina yaqinda Pekin yakunlangan Olimpiada haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
“Bu Olimpiadani yuqori baholay olmayman. Italiyada o‘tadigan musobaqa bundan yaxshiroq bo‘ladi degan umidim bor. Pekin Olimpiadasida COVID-19'ga qarshi kuchli choralar ko‘rildi. Shu tariqa kasallanish holatlari nisbatan kam uchradi. Bu, albatta yaxshi. Biroq tog‘lardagi o‘ta yuqori darajadagi sovuq ob-havo sportchilarning chiqishlariga salbiy taʼsir qildi. Milanda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi 2026 yilgi qishki o‘yinlarda hammasi boshqacha bo‘lishi aniq. U yerda barchasi o‘zgacha kayfiyatda o‘tishiga aminman va bunga ishonaman”.
Italiya ushbu qishki Olimpiada mezbonligi uchun anchadan beri kurashib keladi. Mamlakat XOQga qishki va yozgi o‘yinlar uchun 17 marta murojaat qilgan. Ulardan faqat uchtasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Italiyaliklar shu kungacha 1956 yilda Kortina dʼampezzoda, 2006 yilda Turinda Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan.
2026-yilgi Olimpianing rasmiy mezboni Milan shahri bo‘lishiga qaramay o‘yinlar to‘rtta shaharda o‘tkaziladi: Valtellino, Kortina dʼampezzo, Val di Fiyemme va Milan. Italiyaliklar xitoyliklar kabi shaharlar orasida masofani 50 daqiqada bosib o‘tuvchi tezyurar poyezdlardan foydalanishmaydi. Mehmonlarga faqat sayohat vaqti taxminan besh soatga mo‘ljallangan avtobuslar taklif etiladi.
Atletlar sport turlariga qarab taqsimlanadi. Misol uchun, tog‘ chang‘isida ishtirok etadigan erkaklar jamoasi Bormioda, ayollar jamoasining bellashuvlari esa Kortinada bo‘lib o‘tadi. Milanda muz ustida o‘ynaladigan o‘yinlar, Anterselvada - biatlon, Val di Fiyemmeda — chang‘i va chang‘idan sakrash bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Bular jahon chempionatlariga yuz yildan beri mezbonlik qilib kelayotgan muhtasham arenalardir. Biroq ular orasida juda katta masofalar mavjud. Mana shu tomoni sportchilarga bir oz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Milanda to‘rtta Olimpiya shaharchalari qurilishi mumkin. O‘yinlarning yopilish marosimi Veronadagi qadimiy arenada bo‘lib o‘tadi. U eramizning birinchi asrida qurilgan bo‘lib, unda gladiatorlarning ko‘plab janglari o‘tkazilgan. Italiyaliklar uchun yana bir muammo mamlakatda qorning yetishmasligidir. Xitoyliklar bu kamchilikni qorni butunlay sunʼiy qilish orqali hal qilishdi.
Biroq shunday bo‘lishiga qaramay Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Italiyaga ishonmoqda. Axir, u dunyodagi eng ijodkor mamkalat hisoblanadi. Italiyaliklardan o‘zgacha yondashuv va g‘oyalar kutib qolamiz.
Jamshidbek Amirov







