“Nyukasl” transferlarda yana faollashdi
Klub Divok Origini sotib olmoqchi.

“Nyukasl Yunayted belgiyalik “Liverpul” hujumchisi Divok Origini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda “Calciomercato” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ingliz klubi belgiyalik futbolchining yaqinlari bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. “Magpiylar” futbolchiga daʼvogarlik qilayotgan “Milan” bilan bahslashadi.
Oldinroq, hujumchi APL va Bundesliganing yana uchta klubidan taklif olgani, ammo “Milan”ni tanlagani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Origi 2014 yildan beri “Liverpul” safida to‘p surib kelmoqda. Belgiyalik hujumchi joriy mavsumda APLda beshta o‘yinda maydonga tushib, ikkita gol urdi. Shuningdek, u Chempionlar ligasining beshta o‘yinida bir gol va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Origining shartnomasi mavsum oxirida yakuniga yetadi.
Avvalroq, “Barselona” ukrainalik qochqinlarga yordam bergani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







