“Yuventus” va “Atletiko” futbolchilarini almashishi mumkin
Turinliklar Moratani jamoada saqlab qolmoqchi.

“Yuventus” yarim himoyachisi Ueston Makkenni faoliyatini Ispaniyada davom ettirishi mumkin. “Atletiko Madrid” amerikalik yarim himoyachining xizmatlariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Atletiko”dan ijaraga olingan Alvaro Morata “Yuventus”da o‘ynaydigan bo‘ldi. “Keksa sinyora” ispaniyalik futbolchi bilan doimiy shartnoma imzolashni istayapti, biroq uning uchun ijara shartnomasida ko‘rsatilgan 35 million yevroni to‘lamoqchi emas. Shu munosabat bilan Turin klubi o‘zining yarim himoyachisi Ueston Makkenni “Atletiko”ga taklif qilishga tayyor.
Qayd etilishicha, “matraschilar” bosh murabbiyi Diyego Simeone esa Makkenni iqtidoriga qiziqmoqda va Uestonni o‘z jamoasiga qo‘shib olishga qarshi emas.
Eslatib o‘tamiz, 23 yoshli amerikalik yarim himoyachi Chempionlar ligasining 1/8 finalida “Vilyarreal” bilan o‘yinda qo‘lini sindirib olgandi. Futbolchi bu jarohati tufayli mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi.
Joriy mavsumda Makkenni barcha musobaqalarda 28 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urgan. Yarim himoyachi Italiya terma jamoasida 2020 yildan buyon o‘ynab kelmoqda.
Avvalroq, Dibala va Simeone muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







