Sherzod Tashmatov Rim Gran-prisidan so‘ng murabbiylar shtabining faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqdi
3-5-iyun kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo WT bo‘yicha mavsumning dastlabki Gran-pri turniri bo‘lib o‘tdi. Unda 8 nafar sportchi bilan qatnashgan terma jamoamiz 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Tabiiyki, bu natija Assotsiatsiyasi rahbariyatini qanoatlantirgani yo‘q. Shu bois, bugun MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov murabbiylar shtabi bilan yig‘ilish o‘tkazdi.


Unda Pavel Xan boshchiligidagi shtabning so‘nggi davrdagi faoliyati keskin tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, Rim Gran-prisida taekvondochilarimizning ishtiroki, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning yechimlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Sherzod Tashmatov o‘tgan musobaqada jamoamiz qayd etgan natijadan umuman qoniqmaganini aytib, keyingi startlarga butunlay boshqacha yondashuv bilan tayyorlanish lozimligini bildirdi va deyarli natija bermayotgan mutaxassislarni keskin ogohlantirdi. MOQ raisi o‘rinbosari kerak bo‘lsa, murabbiylar shtabining tarkibni yangilash, unga viloyatlardagi tajribali trenerlarni jalb qilish masalasini ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, yig‘ilish davomida har bir vazn toifasida yoshlardan iborat zaxira sportchilarining bugungi holati, ko‘rsatayotgan natijalari tahlil qilindi.

Taʼkidlash joiz, 24-27-iyun kunlari Koreya Respublikasida navbatdagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, avgustda Turkiyaning Konya shahrida o‘tkaziladigan Islom birdamligi o‘yinlari dasturiga ham taekvondo sporti kiritilgan. Sherzod Tashmatov suhbat davomida terma jamoamizning mazkur musobaqalarga tayyorgarligini maksimal darajada kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.







