Server Jeparov “Lokomotiv” sport direktoriga aylandi
Bu klub matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi Server Jeparov Superliga klubida ish boshladi. “Lokomotiv” klubi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Server Jeparov klub sport direktori etib tayinlangan.
“Yosh va iqtidorli mutaxassislardan biri, o‘z vaqtida (2008, 2011) Osiyoning ikki karra «Eng yaxshi futbolchisi» deb topilgan Server Jeparov “Lokomotiv” PFK rahbariyati qaroriga binoan, klub sport direktori etib tayinlandi. 2016 yil “Lokomotiv”ning Osiyo chempionlar ligasida chorak finalga qadar yetib borishida munosib hissa qo‘shgan Jeparov shu yilning 24 fevral sanasidan “Lokomotiv” futbol maktabida ish boshlagandi. Endilikda esa u klub sport direktori vazifasini bajaradi”, - deyiladi klub xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Server Jeparov O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib, yil boshida lavozimini tark etgandi.







