SHHTga yangi aʼzolarni qabul qilish Samarqand sammitining asosiy masalalaridan biri bo‘ladi
Bu haqda TIV rahbari maʼlum qildi.

Sentyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT davlatlari sammitida tashkilotga aʼzolik istagini bildirgan qator davlatlar murojaatlari ko‘rib chiqiladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov maʼlum qildi.
“SHHT faoliyatida to‘laqonli aʼzo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlik yuzasidan topshirilgan o‘nlab so‘rovlar ko‘rib chiqiladi”, degan u “Dunyo” AAga bergan intervyusida.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotning istiqbolda yana-da kengayishi Samarqand sammitining asosiy masalalaridan biri bo‘ladi.
Norov hozirda Eronning SHHTga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirishi yuzasidan majburiyatlar memorandumi tayyorligini qayd etgan. Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi yig‘ilishda Arab davlatlari ligasi, YUNESKO, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Avvalroq SHHT va Arab davlatlari ligasi o‘rtasida hamkorlik kuchaytirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







