0

Nogiron farzandi bor ayolga oson emas

Samarqanddagi shifoxonada ona murg‘ak go‘dagini siltab, urayotgani aks etgan video kechadan beri kun mavzusida.

Nogiron farzandi bor ayolga oson emas

 

“Qashqadaryo ahli” telegram kanalida mazkur videoga bildirilgan izohlar orasida bir fikr kanal adminining e’tiboriga tushgani bois uni skrenshot qilib, kanalga joyladi. Izohda “Samarqandlik ayol bolasini vahshiylarcha uryapti ekan. Unga farzand kerak emas ekan, iltimos menga olib beringlar, men 17 yildan beri farzandsizman”, deyilgan.


Mavzuni muhokama qilayotganlarning aksariyati – ayollar. Ular o‘z jismu jonidan yaralgan jigarbandiga bunday munosabatda bo‘layotgan onani qoralamoqda. Ammo...


Xalqimiz tanganing ikkinchi tomonini ko‘rmay xulosa qilishga odatlanib qolgan. Izohni yozgan kuzatuvchi videodagi bolaning nogironligini biladimi?  Xo‘sh, shunday bo‘lsa, bolani boqib olish fikridan qaytmaydimi?


Agar u o‘zini videodagi ayolning o‘rniga qo‘yib ko‘rganda edi, farzandining kasalligini ko‘rgan onaning qalb og‘riqlarini oz bo‘lsa-da his qilgan bo‘larmidi?


Bilishimizcha, 2020 yilda tug‘ilgan chaqaloqqa bolalar syerebral falaji tashxisi qo‘yilgan. Bu bosh miyani homiladorlik va tug‘uruq vaqtida jarohatlanishi yoki rivojlanmay qolishi hisobiga kelib chiqadigan kasalliklar guruhidir. 


Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin vaqtini, topganini shu norasida farzandi uchun sarflar ekan. Bola kasalligi bois salkam 20 kundan beri deyarli uxlamagan. Kunlariyu tunlarini bedor o‘tkazgan onaizor kuchli charchoq va stresslar girdobida qolgan.


Xo‘sh, bolalar serebral falaji qanday kasallik? Bemor bolalar bu jarayon qanday kechadi?


“Bolalar syerebral falaji—bu bosh miyaning qaytarilmas organik o‘zgarishlaridan kelib chiqadigan asorati hisoblanib, u bosh miya zararlanishiga qarab har xil holatlar va klinik belgilar bilan kechadi. Ushbu kasallikning yengil, o‘rta va juda og‘ir klinik belgilar bilan kechadigan shakllari ham bor, ular bolalarda harakatlarni cheklashdan tashqari, juda kuchli bezovtalik, talvasa xurujlari, ham jismonan, ham ruhiy bezovtalikni paydo qiladi. Bosh miya falaji kasalligi bilan og‘rigan bolalarning onalari buni juda yaxshi tushunishadi, bunday bolalar doimiy ravishda bezovta bo‘lib turadi, tez-tez kasallikka chalinishadi. Shuningdek, bola talvasa xurujini o‘tkazishi, qayt qilishi yoki tirishib qolishi ham mumkin. Bundan tashqari, miya falajida bola tinimsiz, hatto 24 soatgacha bezovta bo‘lib, uning umuman uxlamaslik holati ham kuzatiladi.


Murojaatchilarning aksariyati farzandini bezovtalik holatida olib kelishadi.  24 soat  uxlamagan, juda injiq bo‘lib qolgan bolani biz endi simptomatik davolashga harakat qilamiz. Kasallik batamom tuzalib ketmaydi, butun umr davolanishni talab etadi. Bunday bemorning nafaqat onasi, balki, butun oila a’zolari, qaynona-qaynotasi, hatto otasining psixologiyasida ham notinchlik holati kuzatiladi.


Bolalar serebral falaji bilan og‘rigan bolaning oilasi nafaqat psixik, balki moddiy tomondan ham juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi, bu yerda oila o‘rtasida ruhiy muvozanatning buzilish holatlari ro‘y beradi.  Shunday ekan, bularning barchasiga birgina onaning dosh berishi juda qiyin. Boisi, har xil oilalar bor. Ba’zi oilalar bu kasallikni tushunadi, ba’zilari esa yo‘q. Shunday holatda eng katta zarba baribir bemorning onasiga bo‘ladi. Bejizga xalqimiz “Kasal kasal emas, kasalga qaragan kasal”,  deb aytmaydi. Shuning uchun ham ko‘plab onalarimiz murojaat qilib kelishganida, ularning ko‘pchiligida ruhiy notinchlik, asabiylashish, juda kuchli nevropsixologik o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz”, — deydi Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nevrologiya bo‘lim mudiri Dilnoza Sobirova.

 

Biz ayolni oqlamoqchi emasmiz. Onani qoralayotganlar avval uning hayotida yashab ko‘rish kerak. 

 

Shu onani kechiraylik!


Mavzuga jurnalist, blogerdan tortib ko‘pchilik ziyoli qatlam vakillari ham munosabat bildirgan. Xususan, jurnalist Nazokat Azim o‘zining Feysbukdagi sahifasida onani kechirishlikni so‘ragan.


“Do‘stlar, qay biringiz men bolamni urmaganman deya olasiz? Ishonamanki, unaqalar ichimizda sanoqli. Men ko‘p yillar ayollar jamoasida, ziyoli, o‘qigan, uqqan ayollar ichida  ishlaganman, ammo bolamga umrimda qo‘l ko‘tarmaganman, degan biror ayolni uchratmaganman. Soppa-sog‘, shiringina, kichik yutuqlari bilan quvontirishga qodir bolalarimizni urganmiz. Bu onaning bolasi, nogiron ekan, 20 kundan beri uxlamay, tinimsiz yig‘larkan. Shu ayolga nahot rahm qila olmasak? Bu video nogiron farzandarni tarbiya qilayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini mukammallashtirish kerakligini anglatuvchi bir qo‘ng‘iroq deb qabul qilsak, menimcha, hammaga foyda bo‘ladi. Shu ayolni tergov, sud qilish kimga naf beradi? 


O‘zini rahmdil, isonparvar ko‘rsatib, bu ayolni hayvondan olib, yana bir nimalarga solayotganlar, bildik mehrli ekaningizni, bo‘ldi endi!


Shu o‘rinda nogiron bola tarbiya qilib, mehr ko‘rsastayotgan onalarni misol qilib ko‘rsatishibdi. Ular ko‘p, xudoga shukr! Ammo... DSP farzandi borligini butun umr hammadan berkitadigan, hatto mahalladagilar ularning borligini bilmaydigan o‘ziga to‘q oilalar bor. Har yili bir necha marotaba xorijlarga oilasi bilan dam olishga chiqadigan, lekin shu safarlarga biror marta nogiron farzandini olib bormagan badavlat oilalar bor. Qarindoshlar, yoru do‘stlar kelsa, nogiron farzandini mehmonxonaga chiqarmaydigan elu yurt taniydigan, mashxur oilalar bor. To‘rt devor atrofida o‘tirgan bu bolalarning ahvoli qandayligini hech kim bilmaydi.


Shu videoni ko‘rishim bilan yoshligimdagi bir voqea esimga tushdi. Viloyatdan kelganlarnikidan, bilasizlar, mehmon arimaydi. Bir kuni qishloqdan oyimni qarindoshlari ko‘pchilik bo‘lib kelishdi. Ular orasida emizikli ayol ham bor edi. Oyim chaqaloqni ko‘rib, yoshini so‘radilar, keyin yaxshi boqolmabsan deb, qarindoshlariga tanbeh berdilar. Oyim tabiiyki, mehmonlarga ovqat qilish bilan ovora bo‘ldilar, men ham atroflarida o‘ralashib yurdim.. U paytlari yog‘ dog‘ qilib ishlatilardi, oshxonani eshigini yopib qo‘ydilar.

Meni shu yog‘ni hidi ko‘nglimni behuzur qilardi, shunga tashqariga chiqsam,  mehmon ayol chaqalog‘ini yo‘lakda tinchlantirishga urinayotgan ekan. U meni ko‘rmadi yo kichkina, deb ahamiyat bermadimi, hech tinchigisi kelmayotgan bolani yuziga bir necha marta tarsaki tushirdi. Men angrayib qoldim. Indamay oshxonaga qaytdim. Onam oshxonani shamollatib bo‘lgan ekanlar, mehmonimizni chaqirib, bolangga mana buni berchi, deb oldiga manniy bo‘tqasini qo‘ydilar. Osh qilayotib, shu bolani o‘ylab kasha ham pishirgan ekanlar. Bola shu kashani yedi-yu, tinchlandi. Birozdan keyin uxlab qoldi”, — deya izoh qoldirgan jurnalist.

 

Afsuski, onaning azoblari sudda ko‘rilmaydi

 

Shuningdek, jurnalist Husniddin Berdiyev ham bu voqeani chetdan turib, jim kuzatolmadi. 


“Ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar, buning ortidan paydo bo‘layotgan oiladagi doimiy mojarolar, bolalarni orzu havas bilan parklarga, bog‘-rog‘larga yetaklab borish imkoniyati yo‘qligi, hatto kechasi er-xotin yotganda bir chelakda issiq suv tayyorlashning azobi, o‘tin, tezak, tappi tutuni, televizordan har kuni ayollarga yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib turib ular o‘zining hayotiga yetib kelmasligini his etish azobi, televizorda har kuni tibbiyotdagi ulkan islohotlarni ko‘rsa-da shifoxonada oddiygina uxlatish uchun bolalar karovatining yo‘qligi, issiqdan dimiqib o‘zini qo‘yarga joy topa olmasligi... bu cheksiz azoblarning hammasi yig‘ilib, buning alamini go‘dakning yig‘isi “portlatib” yuborgan.


To‘g‘ri, bu qiyinchiliklarning hammasi yig‘ilib kelganda ham o‘zini himoya qila olmaydigan go‘dakka qo‘l ko‘tarishni oqlay olmaydi. Lekin bor gap shuki, ana shu azoblar bilan yashashga mahkum bu ayol. Endi esa u gardaniga jinoyatchi degan tamg‘ani ham iladi. Chunki qonunlarda, jinoyat kodeksida u ayol tortib kelayotgan azoblar haqida hech narsa deyilmagan, u narsalar sudda ko‘rilmaydi...

 

Go‘dakka qo‘l ko‘targani esa, shubhasiz, jinoyat. Lekin bu jinoyatni ayolning bitta o‘zi qilayotgani yo‘q. Eri, yaqinlari, atrofdagilar, bolalar tibbiyoti uchun ajratilayotgan milliardlab pullarni o‘g‘irlayotgan amaldorlar, butun jamiyat sherik bu jinoyatga. Marhamat, agar odil sud qila olsangiz, o‘sha jinoyatchining sheriklarini ham olib keling sud maydoniga!”— deydi jurnalist.


Bizga, shunchaki, ona va bolaning bu holatini bilib (bilmay) videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatdan odam qiziq?

 

Bu muhokama qiladigan mavzu emas!


Mualliflar: Bahriniso Madumarova
Go'zaloy Abdullayeva

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"

Nogiron farzandi bor ayolga oson emas