"Kamp Nou"da rekonstruksiya ishlari boshlanadi
“Barsa” keyingi mavsumdan uy uchrashuvlarini qayerda o‘tkazishi maʼlum bo‘ldi.

Kataloniya klubining uy stadioni 1957-yilda qurib foydalanishga topshirilgan. O‘shandan beri stadion bir necha marta qayta qurildi. Birinchisi 1981-yilda bo‘lgan. Keyingi taʼmirlash Ispaniyada bo‘lib o‘tgan 1982-yilgi jahon chempionati oldidan sig‘im 120 ming tomoshabinga yetkazilgan. Navbatdagi rekonstruksiya 1998 yilda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng UEFAning yangi qoidalariga ko‘ra, stadionlardagi barcha o‘rindiqlar soni kamaytirilishi talab etildi. Shu tariqa muxlislar sig‘imi 98 934 o‘ringa qisqartirildi.
2021-yilgi mavsum yakunlanganidan keyin klub yana taʼmirlash ishlarini eʼlon qildi. Biroq bu mablag‘ tomondan yetishmovchilik sabab, amalga oshmadi. “Barsa” "Spotify” bilan yangi hamkorlikni eʼlon qilgach, bu g‘oya qayta tiklandi. Shuningdek, stadion nomi “Spotify Camp Nou” nomiga o‘zgarishi maʼlum bo‘ldi. Mazkur kelishuv klubga 280 million yevroga yaqin daromad keltiradi.
Yangilangan “Kamp Nou” stadionining dizayni Yaponiyaning “Nikken Sekkei” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kompaniya 420 million yevrolik tenderda g‘olib chiqdi. Shuningdek stadionda o‘rindiqlar soni 105 mingtaga yetkazilishi maʼlum qilindi.
Maydonda yaqin oylar ichida umumiy restavratsiya va konstruktiv pardozlash ishlari olib boriladi va yangi telekommunikatsiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Stadionning uchinchi qavatini buzish 2023-yilning yozida boshlanadi. “Barsa” 2023/2024-yilgi mavsumda “Olimpiada” maydoniga yo‘l oladi. Ushbu maydon Montjuik shahrida joylashgan bo‘lib, 55 926 tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu yerda 1992 yilgi Olimpiya o‘yinlarining asosiy bellashuvlari bo‘lib o‘tgan. “Kamp Nou”dagi qurilish ishlari 2025/2026-yilgi mavsumgacha olib borilishi aytib o‘tilgan. “Barsa” shunga qadar uy uchrashuvlarini “Olimpiada” maydonida o‘tkazadi.







