Eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar reytingi eʼlon qilindi
“PSJ” Neymar, Messi va Mbappe uchun yiligi 152 million yevro sarflaydi.

1 iyul kuni “Liverpul” Muhammad Saloh bilan 3 yillik shartnoma imzolaganini eʼlon qildi. Hujumchi endi haftasiga rekord darajadagi 400 ming funt sterling maosh oladi. Bu esa uni Premyer-ligadagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirdi. Misrlik futbolchining maoshi liganing yulduz futbolchilari, jumladan, “Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu va “Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin De Bryuynening oyligidan ham ko‘p. Shu tariqa, Saloh dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Quyida dunyoda eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar haqidagi maʼlumotlarni olishingiz mumkin.
10. Robert Levandovski, “Bavariya” haftasiga 406 000 yevro
Ispan nashrlarining yozishicha, agar Levandovski “Barselona” bilan shartnoma imzolasa, uning maoshi haftasiga 176 ming yevroga tushadi. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar qanday yakunlanishi aniq emas, ammo hozir vaziyat quyidagicha: hujumchi “Barselona”ga o‘tmoqchi, kataloniyaliklar uni sotib olishga tayyor. Biroq “Bavariya” polyak bilan xayrlashmoqchi emas. Levandovski 2021/2022 yilgi mavsumda ajoyib statistika qayd etdi. U yil davomida 46 o‘yin o‘tkazib, 55 gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
9. Antuan Grizmann, “Atletiko” haftasiga 413 000 yevro
Grizmann Levandovskiga o‘xshab statistika borasida maqtana olmaydi. U o‘tgan mavsumda “Atletiko”ning to‘rtinchi to‘purariga aylandi. Futbolchi 35 o‘yinda 8 ta gol urgan. “Atletiko”ning to‘purarlari Luis Suares va Anxel Korrea 13 tadan gol urishdi. “Barselona”ning sobiq hujumchisi yangi mavsumda ushbu statistikasini yaxshilashi mumkin. U Madridda yana bir yil ijara asosida o‘ynaydi.
8. David de Xea, “Manchester Yunayted” haftasiga 435 000 yevro
57 ta gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, de Xea uchun o‘tgan mavsum yaxshi darajada o‘tdi, deyish mumkin. Premyer-liganing ortda qolgan mavsumida jamoaning asosiy gollari himoya chizig‘idagi kamchiliklar sabab o‘tkazib yuborildi. Agar 31 yoshli darvozabon va 37 yoshli Ronaldu bo‘lmaganida, “Manchester Yunayted” turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda yakunlagan bo‘lar edi. De Xeaning jamoa bilan shartnomasi bir yildan keyin tugaydi. Katta ehtimol bilan u Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun kurashadi.
7. Erling Holand, “Manchester Siti” haftasiga 435 000 yevro
Holand “Siti” safida hali o‘zini ko‘rsatgani yo‘q. Angliyada norvegiyalik futbolchi bir mavsumda 20 tadan ko‘p gol urishi kutilmoqda. Germaniyada ikki yil davomida u bu ko‘rsatkichga erishdi. Erling “Manchester Siti” bilan 5 yillik shartnoma imzolagan. U “shaharliklar” safida hujumning asosiy harakat qiluvchi kuchiga aylanishi kutilmoqda. Unga De Bryuyne, Bernardu Silva, Rahim Sterling, Jek Grealish va Riyod Mahrez kabi futbolchilar yordam berishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Holandda hujum chizig‘ida deyarli raqobat bo‘lmaydi.
6. Kevin De Bryuyne, “Manchester Siti” haftasiga 446 000 yevro
De Bryuyne 2012/2013 yilgi mavsumdan beri eng ko‘p gol urishga erishdi. Shu tariqa u Xosep Gvardiolaning eng ishonchli futbolchisiga aylandi. Belgiyalik futbolchi va Holand o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qanday bo‘lishi hozircha nomaʼlum. Buni biz avgust oyida bilib olamiz. Ayni paytda, Kevin “Manchester Siti” to‘purarlari tarixida 10-o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi va klub safida 300 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi.
5. Krishtianu Ronaldu, “Manchester Yunayted” haftasiga 446 000 yevro
“Manchester Yunayted” hujumchisi 2021/2022 yilgi mavsumda Angliya chempionatining uchinchi to‘purariga aylandi. Qolaversa, Ronaldu yakka o‘zi “qizil iblislar”ni Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishga chorladi. Portugaliyalik futbolchining 37 yoshida qilgan mehnati hisobga olinadigan bo‘lsa, bu hujumchi uchun katta natija. Ronalduning “Manchester Yunayted” bilan shartnomasi tugashiga bir yil qoldi. Uni yana bir yilga uzaytirish mumkin.
4. Muhammad Saloh, “Liverpul” haftasiga 464 000 yevro
Sadio Manening ketishi tufayli “Liverpul” misrlik futbolchining maoshida o‘zgarish bo‘ldi. Saloh o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 51 o‘yinda ishtirok etib, 31 ta gol urdi va 16 golli uzatmani amalga oshirdi. Keyingi mavsumdan “Benfika” futbolchisi David Nunes hujumda Mane o‘rniga Muhammad Saloh bilan birga o‘ynaydi. Salohga endi Premyer-ligadagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi sifatida “Liverpul” bilan ikkinchi chempionlikni qo‘lga kiritishi kerak. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, Yurgen Klopp jamoasi APLdagi g‘alabalar bo‘yicha “Manchester Yunayted” bilan tenglashadi.
3. Neymar, “PSJ” haftasiga 703 000 yevro
Braziliyalik futbolchi har mavsumda ko‘plab uchrashuvlarni o‘tkazib yuboradi. Bunday maoshga ega futbolchi uchun bu nomaqbul, klub boshliqlari esa allaqachon undan qutulmoqchi. U o‘tgan mavsumda “PSJ”ning 22 ta o‘yinini o‘tkazib yubordi va barcha turnirlarda 28 ta o‘yinda 13 ta gol urdi. Agar asosiy yulduzlar mavsumda 50 ga yaqin o‘yin o‘tkazsa, Neymar zo‘rg‘a 30 o‘yin o‘tkazadi.
2. Lionel Messi, haftasiga “PSJ” 1 million 114 ming yevro
Messi “Barselona”dan “PSJ”ga o‘tganidan keyin maoshi kamaytirildi. Liga-1 dagi 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Parijdagi birinchi mavsum argentinalik uchun omadsiz kechdi. Messi 2007/2008 yilgi mavsumdan beri birinchi marta o‘rtacha har bir o‘yinda kamroq ochko to‘pladi. Bundan tashqari, u Fransiya chempionatining 26 o‘yinida atigi oltita gol urdi.
1. Kilian Mbappe, “PSJ” 1 million yevro, haftasiga 160 ming
Mbappe yangi 3 yillik shartnoma evaziga ushbu reytingda peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. 23 yoshli hujumchi “Real”ga o‘tish o‘rniga ulkan maoshni tanladi. Albatta, fransuz ichki musobaqalarda ham, Chempionlar ligasida ham ajoyib statistika ko‘rsatdi. Ammo “PSJ” xo‘jayinlari Mbappe klubga asosiy orzularga erishishda yordam berishini xohlashdi. Ular uni sayyoradagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirganlari ajablanarli emas. Umuman olganda, “PSJ” Messi, Mbappe va Neymarning maoshi uchun yiliga 152 million yevro sarflaydi.
Jamshidbek Amirov







