“Qizil iblislar” yangi mavsumda chempionlik uchun kurashadimi?
Erik Ten Xak jamoada jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda.

Gollandiyalik murabbiy Erik Ten Xag allaqachon “Manchester Yunayted” tarkibida o‘zgartirishlar qilishga kirishib ketgan. U jamoaga Fergyuson uslubini qaytarmoqchi. Ten Xak futbolchilardan maksimal darajada foydalanishni maqsad qilgan.
Golland allaqachon “Manchester Yunayted” mashg‘ulotlarida tartib-intizom, to‘p bilan muomala qilish va nozik detallarga ko‘proq eʼtibor qaratgan holda bir nechta yangiliklar kiritdi.
Murabbiyning yangi qoidalariga ko‘ra, futbolchilar ertalab soat 9:00 da kelishlari kerak. Buni aynan Fergyusonning o‘zi ham qo‘llagan edi. Ten Xak o‘yinchilarni ko‘proq muloqot qilishga undamoqda.
Murabbiy o‘zining jamoa bilan ilk mashg‘ulotini 27 iyun kuni o‘tkazdi. O‘shanda “Manchester Yunayted”ning baʼzi futbolchilari taʼtildan qaytishgan edi. Gollandiyalik bazaga ertalab soat 8:00 da yetib kelgan. “Manchester Evening News” xabariga ko‘ra, Ten Xag allaqachon Ser Aleks Fergyusonning asosiy qoidalaridan birini qo‘llagan.
Birinchi kuni futbolchilarning bir guruhi soat 9:30 da, ikkinchisi 11:30 da kelgan. Ularning ko‘pchiligi juma kuni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish va sport zalida mashq qilish uchun bazada bo‘lgan. Ikki kunlik taʼtildan so‘ng jamoa maydonda ikki soatlik mashg‘ulot o‘tkazgan.
Mashg‘ulotning ikkinchi kunida Ten Xag futbolchilardan ertalab 9:00g a qadar bazada bo‘lishlarini talab qilgan. Bu aynan Ser Aleks klubda 26 yil davomida amal oshirgan ish tartibi edi. Garchi, Ole-Gunnar Solsher o‘yinchilarga 10:00 da kelishga ruxsat bergan bo‘lsada, norvegiyalikning usullari juda tartibsiz bo‘lgan.
Ten Xag, shuningdek, kiyinish xonasida munosabatlarni mustahkamlash uchun futbolchilarni maydondan tashqarida ham ko‘proq muloqot qilishga chaqirgan.
“The Mirror” nashrining yozishicha, Erik stadion xodimlariga o‘tni roppa-rosa 15 mm qilib kesishni buyurgan.
“Sky Sports” nashri murabbiy qo‘lga urgan bir qancha yangiliklar haqida maʼlumot berdi. Unda aytilishicha gollandiyalikning jarayonga juda sho‘ng‘ib ketgani taʼkidlangan. Bundan tashqari, Ten Xag jiddiy tahlil o‘tkazgan va futbolchilar to‘p bilan birga bo‘lganda asabiylashishlarini aniqlagan. Murabbiy allaqachon to‘p bilan ishlashga qaratilgan maxsus mashqlar yordamida bu bilan kurashmoqda. Mashg‘ulotlarda Erik Ten Xag muntazam ravishda quyidagi iborani ishlatadi: “Yetarlicha yaxshi emas. Menga maksimal darajani ko‘rsating”.
Murabbiy mashg‘ulotlarda faol bo‘lgan o‘yinchilarni rag‘batlantirishni aytib o‘tgan. Ayrim manbalarning qo‘shimcha qilishicha, David de Xea “MYU” xodimi bilan suhbatda jamoada tartib-intizom yaxshilangani hamda bosh murabbiyning aniq g‘oyalari borligidan mamnunligini maʼlum qilgan. Klub xodimlari ham Ten Xagdan minnatdor. Ular allaqachon golland mukammal murabbiylik mahoratini namoyish etishiga ishonishmoqda.
Endi klub rahbariyati gollandiyalik murabbiydan yaxshi natijalarni kutmoqda. U hozirda asosiy eʼtiborini “Barselona” futbolchisi Frenki de Yongga qaratgan.
Jamshidbek Amirov







